Asrimizning uchinchi o‘n yilligi hamma narsaning oyog‘ini osmondan qilib tashlash bilan boshlandi. COVID-19 o‘z ortidan ko‘plab ko‘ngilsizliklarni yetaklab keldi. Koronavirus kundalik hayotimiz ko‘rinishini jiddiy o‘zgartirdi. Bizning kunlarimizda uy – bu yangi idora. Internet – bu yangi konferens-zalga aylandi.
Masalaning xavotirli tomoni, BMT huzuridagi Jahon Oziq-ovqat dasturining ogohlantirishicha, dunyo bo‘ylab ocharchilik bilan yuzma-yuz keladigan insonlar soni ikki baravar ko‘payishi mumkin ekan. Halokatning oldini olish uchun zudlik bilan chora ko‘rish talab qilinadi. Jahon Oziq-ovqat dasturi tayyorlagan hisobotga ko‘ra, ocharchilikdan aziyat chekayotgan insonlar soni 135 milliondan 250 milliondan ziyodga yetishi mumkin.
Bu insonlarning aksari qonli mojarolar, iqtisodiy inqiroz va iqlim o‘zgarishi muammolariga duch kelgan 10 mamlakat fuqarolari. Oziq-ovqat inqiroziga bag‘ishlangan Global hisobotda qo‘rqinchli ocharchilik tahdidi yuzaga mamlakatlar sifatida Yaman, Kongo Demokratik Respublikasi, Afg‘oniston, Venesuela, Efiopiya, Janubiy Sudan, Sudan, Suriya, Nigeriya va Gaiti tilga olingan.
Hisobotda o‘tgan yili Janubiy Sudan aholisining 61 foizi oziq-ovqat inqiroziga duch kelgani aytiladi. Hali koronavirus pandemiyasi boshlanmasdanoq, Sharqiy va Janubiy Afrikadagi mamlakatlar oziq-ovqat taqchilligini boshidan o‘tkazishni boshlagan, bunga qurg‘oqchilik va chigirtka yopirilishi sabab bo‘lgan.
Jahon Oziq-ovqat dasturi rahbari Devid Bisli videokonferensiya orqali BMT Xavfsizlik kengashiga murojaatida “donolik bilan, tezlik bilan“ chora ko‘rishga chaqirgan. “Biz bir necha oy ichida dunyo miqyosidagi bir necha ocharchilik bilan yuzma-yuz kelishimiz mumkin. Achchiq haqiqat shuki, biz o‘zimiz tomonimizdan yetarli vaqtga ega emasmiz“, deb aytgan Bisli.
Bi-Bi-Siga intervyusida Devid Bislining aytishicha, agar BMT zarur mablag‘ va yegulik bilan ta’minlamasa bir necha oy ichida 30 million yoki undan ko‘p inson ochlikdan o‘lishi ehtimoli yuqori. Ammo shu kecha-kunduzda donorlar Covid-19 inqirozi tufayli paydo bo‘lgan moliyaviy mushkulliklarini aritish ustida boshlari qotgan. Biror-bir mamlakat vakili eng nochorlarga yordam berishdan bo‘yin tovlamaydi. Ammo ko‘mak berishni istayotgan mamlakatlarning o‘zlari ham hozir oziq-ovqatni avvalo o‘zlari uchun g‘amlash, so‘ng och qolayotganlarga jo‘natish yo‘llarini ko‘rmoqda.
Jahon Oziq-ovqat dasturi yetakchi iqtisodchisi Orif Husaynning aytishicha, koronavirus pandemiyasining iqtisodiy ta’siri “allaqachon ipda osilib turgan millionlab insonlar uchun halokatli bo‘lgan. Shu oy boshida Jahon Oziq-ovqat dasturi moliyalash bilan bog‘liq inqiroz tufayli Yamandagi Xusiy isyonchilari nazorat qilayotgan hududlarga ko‘maklarni yarmiga qisqartirishga majbur bo‘lgani haqida bayonot tarqatgan edi. Aytilishicha, ayrim donor mamlakatlar o‘zlari yuborayotgan oziq-ovqatlarini yetkazishga Xusiy qo‘shinlari qarshilik qiladi, degan xavotir bilan yordamini to‘xtatishga qaror qilgan.
BMT har oy 12 million yamanlikning qornini to‘yg‘azayotganini aytadi. Bu Xusiy qo‘shinlari nazoratidagi aholining 80 foizi deganidir. Aprel oyida Yamanda ilk koronavirusni yuqtirish holati aniqlangani xabar qilindi. Aslida urush tufayli vayron bo‘lgan mamlakatda 20 million kishi insonparvarlik yordamiga muhtoj. Mamlakatda aprel oyidan beri davom etayotgan vabo epidemiyasi oqibatida yuzlab insonlar kasallikni yuqtirishga ulgurgan. Yaman aholisini ocharchilikdan qutqarish uchun zarur bo‘lgan ta’minotning faqatgina 40 foizidan kamrog‘i homiylar tomonidan yetkazilgan.
BMT ma’lumotlariga qaraganda 1975 yilda dunyoda 500 million, 1990 yilda salkam 620 million aholi ocharchilikka mubtalo bo‘lgan, 1998 yilda 841 millionga yaqin aholi to‘yib ovqatlanishdan mahrum bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi past va qoloq texnikaga ega bo‘lgan Afrika va Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarida millionlab aholi ocharchilikdan qutilgan emas.
Koronavirus pandemiyasi tufayli dunyodagi millionlab korxona va tashkilotlar o‘z faoliyatini to‘xtatgani 2 milliard 700 million ishchiga ta’sir ko‘rsatdi. Jahonda kambag‘al aholi soni qariyb 2 baravarga yoki 500 million kishiga ko‘payish xavfi yuzaga kelmoqda.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, O‘zbekistonda ham karantin tufayli 196 mingta korxonada ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish hajmi keskin kamaygan. Karantin tufayli, tabiiyki, ishsizlar soni ham oshgan. Buni aprel oyidagi 20 kunlik soliq tushumlarida ham kuzatish mumkin. Jumladan, qator viloyatlarda 30-40 foiz, ayrim tuman va shaharlarda esa 50 foizdan ziyod tushum ta’minlanmagan. Bunday og‘ir sharoitda davlatimiz tomonidan qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Jumladan, bir oy ilgari qabul qilgan 2 ta qarorga asosan, hozirga kelib nafaqa va moddiy yordam oladigan bolali oilalar soni 595 mingdan 655 mingga, ya’ni 60 mingtaga ko‘paytirildi. Shuningdek, aholining kreditlar bo‘yicha 3 trillion 260 milliard so‘mlik to‘lovlari muddati uzaytirildi. Karantin davrida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi va Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan 141 ming 800 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlanib, ularga 43 milliard 225 million so‘m ish haqi to‘lab berildi. Shu bilan birga, Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari tomonidan 219 ming oilaga oziq-ovqat va sanitariya-gigiyena mahsulotlari tarqatildi.
Biroq, shu bilangina cheklanib qolib bo‘lmaydi. Kun sayin o‘zgarayotgan vaziyat aholi bandligini ta’minlash va muhtoj oilalarni ijtimoiy himoyalash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishni talab etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev aholining tomorqa maydonlarida bozorbop ekinlar ekishni ta’minlashga ko‘rsatma bergani ham bejiz emas. Maqsad qambag‘allik ko‘lamini kamaytirish va mamlakatda oziq-ovqat tanqisligi yuzaga kelishining oldini olish. Shuning uchun 8 aprel kuni o‘tgan videoselektorda Shavkat Mirziyoyev bu yilgi murakkab vaziyatni hisobga olib, barcha tomorqalarda 2-3 marta ekin ekish va qo‘shimcha hosil olish birinchi darajali vazifa bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Yana xalqaro maydonga qaytadigan bo‘lsak, sayyoramizda o‘zaro qarama-qarshiliklar ko‘payib borishi va iqlim o‘zgarishi tufayli 2019 yilda ochlikdan qiynalayotganlar soni 861 million kishiga yetgan bo‘lsa, 150 milliondan ortiq bolalar nimjon bo‘lib o‘sayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda BMTning oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish to‘g‘risidagi hisobotida qayd etilgan. Unda mojarolar va iqtisodiy pasayishlar qatori ayrim mintaqalarda yog‘ingarchiliklar me’yoridan oshishi, shuningdek, qurg‘oqchilik va suv toshqinlarini keltirib chiqarayotgan iqlim o‘zgarishlari ochlik darajasi oshishiga asosiy sabab qilib ko‘rsatilgan.
Masalan, Osiyoda besh yoshgacha bo‘lgan qariyb har o‘ninchi bola och qolayapti. Bunday norasidalarning bo‘yiga nisbatan tana vazni Lotin Amerikasi va Karib havzasidagi bolalarnikiga nisbatan past bo‘lib qolmoqda. Dunyoda reproduktiv yoshdagi har uchinchi ayol kamqonlikdan aziyat chekmoqda, bu ular hamda farzandlari sog‘ligi va rivojlanishiga jiddiy xavf solayotir. Kamqonlik tarqalganlik darajasi Afrika va Osiyoda Shimoliy Amerikaga qaraganda qariyb uch barobar ziyodni tashkil etadi.
Bugungi kunda jahon hamjamiyati oldidagi eng katta global muammo – bu oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va ochlik muammosidir. Jahondagi oziq-ovqat muammosi, ochlikka qarshi kurash va ular bilan bog‘liq bo‘lgan turli kasalliklar davlatlar ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining ajralmas qismidir. Oziq-ovqat xavfsizligi insoniyat rivojlanishining muhim bo‘g‘ini sifatida 2000 yilda BMTning yillik sammiti doirasida ko‘rilgan bo‘lib, ming yillik deklarasiyasi va BMT ming yillik rivojlanish maqsadlarida qayd etilgan.
Ochlik va to‘yib ovqat yemaslikning an’anaviy muammolari daromadlar keskin tabaqalanishi sohasida: ijtimoiy planda – sinflar va jamiyatdagi tabaqalar hamda rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasida keskin tus olmoqda. Shu bilan bir qatorda, hozirgi zamon yuqori texnologiyali va global taraqqiyot ovqatlanish muammosiga yangi jihatlarni qo‘shdi. Jumladan, rivojlangan davlatlar bo‘ylab “to‘kin-sochinlik paradoksi” harakatda bo‘lib, faol tarqatib kelinayotgan “tezkor ovqatlanish” transmilliy texnologiyalari (masalan, “McDonaldʼs”, “ KFC – Kentucky Fried Chicken”, “Pizza Hut”) bilan bir qatorda norasional ovqatlanishning kasalliklari, ortiqcha vazn va semirish, sog‘liqning yo‘qolishi va birgalikda kechuvchi bir qancha kasalliklarning tarqalishi bilan birgalikda kechmoqda.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan tashkil etilgan oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan birinchi konferensiya 1974 yilda o‘tkazilgan bo‘lsa, unda jahon oziq-ovqat muammosini yaqin 10 yil ichida hal qilishga qaror qilingan edi. Lekin keyingi chorak asrda sezilarli yutuqlarga erishilgan bo‘lsa-da, bu muammo haligacha hal etilgani yo‘q. Agar XX asrning 70-yillarida jahon aholisining uchdan bir qismi to‘yib ovqatlanmagan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 20 foizni tashkil qiladi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining jahon savdosi hajmi uch baravar oshdi, shu bilan birga, jahon qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining o‘sish sur’atlari 3 foizdan keyingi o‘n yillikda 1,6 foizga tushdi. Bunda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish hajmi jahonning 90 ta mamlakati, jumladan, Afrikaning 44 ta mamlakatida pasaydi. Bu jahonda aholi soni yiliga 90-100 million kishiga oshib borayotgan va 861 milliondan ortiq kishi to‘yib ovqatlanmayotgan sharoitda yuz berayapti.
Koronavirus yer yuziga tarqalayotgani sari butun dunyo mamlakatlari oldida yangi muammo, ya’ni oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash masalalari paydo bo‘lmoqda. Demak, davlatlar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashga doir izchil chora-tadbirlar olib borishi shart.
Mamlakatimizda bu masala yechimiga oldinroq kirishilgan. Prezidentimizning 2018 yil 16 yanvardagi “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bozorni sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, aholining xarid imkoniyatlarini mustahkamlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, shuningdek, mazkur sohadagi mavjud tizimli muammolarga barham berish masalalari aniq belgilab berilgan.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, jahon miqyosidagi mazkur muammo yechimi ochlar armiyasining kamayishi garovi bo‘lib xizmat qiladi.
Abduvali Soyibnazarov, O‘zA