Prezidentning tegishli farmoniga ko‘ra, O‘zbekistonda 2027/2028 o‘quv yili yakunlaridan boshlab dual ta’lim shakli bo‘yicha OTM va buyurtmachi korxonalarning samaradorlik reytingi yuritiladi.
Reytingda dual ta’lim bilan qamrab olingan talabalar ulushi, ularning o‘rtacha ish haqi va o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga ustuvorlik beriladi.
Eng yuqori natija ko‘rsatgan uchtadan oliy ta’lim tashkiloti va korxona reytingdagi o‘rniga qarab rag‘batlantiriladi. Birinchi o‘rin uchun 3 mlrd, ikkinchi o‘rin uchun 2 mlrd va uchinchi o‘rin uchun 1 mlrd so‘m beriladi.
2027 yil 1 yanvardan muhandislik, ishlab chiqarish va ishlov berish, arxitektura va qurilish, qishloq xo‘jaligi ta’lim sohalarida dual ta’lim olayotgan har bir talaba uchun korxona tomonidan to‘langan ish haqi xarajatlarining 50 foizi o‘quv yili yakunida subsidiya sifatida qoplanadi.
Shuningdek, dual ta’limga qabul qilingan talabalar soniga mutanosib ravishda korxonalarga «Tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingi» platformasida qo‘shimcha ballar beriladi.
Korxonalar tomonidan OTM hududida dual ta’lim uchun amaliyot bazasini tashkil etish maqsadida olib kelinadigan jihozlar, uskunalar va laboratoriya jihozlariga nisbatan bojxona boji stavkasi 2030 yil 1 yanvarga qadar 1 foiz etib belgilanadi.
Dual ta’lim dasturi bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar uchun korxonalar xarid qilgan o‘quv uskunalari va jihozlariga uch yil muddatga tezlashtirilgan amortizasiya qo‘llash huquqi beriladi.
Dual ta’limni samarali tashkil etgan OTM va korxonalarni aniqlash uchun tanlov o‘tkazish ham nazarda tutilgan. Unda talabalar qamrovi, ularga to‘lanadigan ish haqi, o‘zlashtirish darajasi va bitiruvchilarning bandligi asosiy mezonlar sifatida baholanadi.