"Evropa diplomatiyasining yangi rahbari Kaya Kallas hukmron “Gruziya orzusi” partiyasining YEI bilan integrasiyadan bosh tortgani sababli Gruziyadagi norozilik namoyishlari fonida mamlakatga qarshi sanksiyalar qo‘llanilishini istisno etmadi. Shuningdek, vizalar berishda ham cheklovlar bo‘lishi mumkin", deya xabar beradi agentlik.
Kallas tinch namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini, Gruziya hukumati gruzin xalqi irodasi va mamlakat Konstitusiyasini hurmat qilishi kerakligini ta’kidladi.
DPA'ning qayd etishicha, Yevropa Ittifoqining sanksiyalari faqat barcha a’zo davlatlar roziligi bilan qo‘llanilishi mumkin, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban esa yaqinda Gruziya hukumatini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi.
Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, 30 noyabr oqshomida Tbilisining Rustaveli xiyobonidagi namoyishda o‘n minglab odamlar qatnashgan. Bir necha kundan beri davom etayotgan norozilik aksiyalarida polisiya namoyishchilarga qarshi suv va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanmoqda.
1 dekabrga o‘tar kechasi namoyishchilar parlament binosidagi xonalardan biriga o‘t qo‘ygan, biroq yong‘in tezda o‘chirilgan. Gruziya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 3 kunlik namoyishlar chog‘ida 200 dan ortiq kishi hibsga olingan.