Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Doimiy propiskasiz uy sotib olish borasidagi taklif rad etildi: sababi juda kulgili

Doimiy propiskasiz uy sotib olish borasidagi taklif rad etildi: sababi juda kulgili

Ayrim masalalarni har qancha tanqid qilmaylik, lekin ich-ichimizdan baribir yaxshiliklarga umid qilaveramiz. Shu yurt rivojlanishi yo‘lida oldingi ginalarni unutib, kelajakka ishonch bilan yana olg‘a borishga harakat qilaveramiz.

Yodingizdami, bundan bir necha oy avval O‘zbekistonda propiska rejimini butunlay bekor qilishni so‘rab «Mening fikrim» portalida petisiya qoldirgandim. O‘shanda petisiyam o‘ta kulgili asos bilan noqonuniy rad qilingach, bu portaldan hafsalam pir bo‘lganini, ularning bu ishi ko‘zbo‘yamachilik ekanligini aytgandim.

Ammo oylar o‘tib, ko‘ngildagi umid qurg‘ur yana bosh ko‘tardi. Pessimist bo‘lmaslikka da’vat qildi.

• 16 avgust kuni «Mening fikrim» portalida ikkinchi petisiyamni qoldirdim. Birinchi gal propiska tizimini butunlay bekor qilishni so‘ragandim. Bu safar sal pastga tushdim, kamroq narsa so‘radim. Ya’ni Toshkentda propiskasi bo‘lmagan shaxslarga ham ikkilamchi bozordan uy sotib olishga ruxsat berishlarini iltimos qildim.

• Aslida ushbu taklif osmondan olinmagan, Harakatlar strategiyasi doirasida Prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2018 yilgi Davlat dasturida bor edi. Lekin Prezident Farmonining ushbu bandi bajarilmadi. Hech kim nega bajarilmaganiga izoh ham bermadi.

• Xullas, petisiyamda yangi narsa kashf qilmadim, Prezident Farmoni orqali taklif etilgan, lekin bajarilmagan kichkina bir bandni eslatdim xolos.

• Ammo kecha ikkinchi petisiyamga ham rad javobi berishdi, petisiya umumxalq ovoziga qo‘yilmaydigan bo‘ldi.

• «Mening fikrim» portali yana bir bor erkinlik sinovidan o‘ta olmadi. Senzura yana g‘olib chiqdi. «Xalq - qonunlarning asosiy ijodkori bo‘lsin» degan prinsip yana bir bor ayrim byurokratlar tomonidan chippakka chiqarildi.

• Bu safargi rad qilish asoslari ham xuddi o‘tgan galdagi bilan bir xil. Ya’ni so‘nggi yillarda propiskani soddalashtirish bo‘yicha ko‘p ish qilinayotganligi uchun, petisiyamga rad javobi berishibdi. Masalan, propiskasiz yashaganlik uchun ma’muriy jarimalar yengillashtirilgani munosabati bilan, ikkilamchi bozordan propiskasiz uy sotib olishga ruxsat berish haqidagi petisiyam rad qilingan emish. Ali qolib, Valiga yopishishibdi. Maynavozchilik, xullas.

• Boz ustiga petisiyamga rad javobi naq 2 oyda berildi. Vaholanki, Qo‘shma qaror bilan tasdiqlangan Nizomda 15 kun ichida ekspertizadan o‘tkazish kerakligi belgilangan. Qo‘shma qaror Qonunga tengligini yaxshi bilasiz. Demak, hozirgi holatda qonun buzilgan.

• Yana bir qiziq tomoni. Ishchi guruhning rad javobida aytilishicha, mazmuni va ma’nosiga ko‘ra veb-portalga kelib tushgan va u bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan tegishli qaror qabul qilingan paytidan e’tiboran bir yillik muddat o‘tmaganligi sababli petisiyam e’lon qilinmaydigan bo‘libdi. Vaholanki, ikkilamchi bozordan propiskasiz uy sotib olishga ruxsat berish to‘g‘risida vakolatning organning oxirgi bir yil ichida qabul qilgan birorta qarori yo‘q. Yolg‘on gapirishdan uyalmasmikin-a?

• Ijro hokimiyatining propiskani qo‘llab-quvvatlashini tushunsa bo‘ladi, tizimdagi ayrim rahbarlar propiska ortidan katta foyda ko‘rishi mumkin. Uy quradigan yirik tashkilotlar ham ijro hokimiyatiga gapini o‘tkazishi ancha osondir balki. Lekin Parlamentning qo‘lida bo‘lgan portal ham propiskaga oid har qanday petisiyani rad qilishi juda qiziq. Xalq saylagan vakillar xalq dardini yengillashtirmasdan, ular ko‘targan muammoni rad qilish, fikrlarini e’lon qilmaslik bilan shug‘ullanishi og‘riqli...

• «Mening fikrim» portali Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasidan keyin Qonunchilik palatasi hamda Senatning qo‘shma qarori asosida tashkil etilgan edi. Garchi portal moderatorligi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutiga yuklangan bo‘lsada, lekin muayyan petisiyani o‘tkazish yoki o‘tkazmaslik masalasini ular hal qilmaydi. Bunga bevosita Senat va Qonunchilik palatasi javobgar.

• Shunga ko‘ra, Senat hamda Qonunchilik palatasi ushbu masala bo‘yicha biror izoh berishini kutib qolamiz.

Xushnudbek Xudoyberdiyev, huquqshunos, bloger

Kiritildi: 10:56 17.10.2019. O'qildi: 3754 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!