“Bismilloh” ni aytish
Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Qachonki kishi uyiga kirsa, kirishida ham, taomi ustida ham Allohni zikr qilsa, shayton (sheriklariga): «Sizlarga o‘rin ham yo‘q, ovqat ham yo‘q», deydi. Agar kirganida Allohni zikr qilmasa, shayton: «Joylaringizni topdingiz», deydi. Taomi ustida ham Allohni zikr qilmasa, shayton: «Joyingizni ham, taomingizni ham topdingiz», deydi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Kirish duosini aytish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: «Kishi uyiga kirganda: “Allohumma, inniy asaluka xoyrol mavlaji va xoyrol maxroji. Bismillahi valajnaa va bismillahi xorojnaa va ’ala Allohi Robbinaa tavakkalnaa”
“Allohim, Sendan yaxshi kirish va yaxshi chiqishni so‘rayman. Allohning nomi bilan kirdik, Allohning nomi bilan chiqdik. Robbimiz Allohga tavakkal qildik”, desin va ahliga salom bersin» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Uydagilarga salom berish
Alloh taolo bunday buyuradi: “Bas, qachonki, uylarga kirsangiz, bir-birlaringizga Alloh huzuridan bo‘lgan muborak, pokiza salomni aytingiz (ya’ni “Assalomu alaykum” deng!)” (Nur surasi, 61-oyat).
Og‘izni misvok bilan tozalash
Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam uyga kirganlarida birinchi bo‘lib misvok ishlatardilar” (Imom Muslim rivoyati).