Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Dinimizda qarzni qaytarmaganlarga qanday jazo beriladi?

Dinimizda qarzni qaytarmaganlarga qanday jazo beriladi?

— Men dehqonchilik bilan shug‘ullanaman. Bundan 7-8 yil avval dehqonchiligimdan olgan yillik daromadimni bir odamga qarz bergandim. Haligacha shu pulimni qaytib ololmayapman. Har so‘raganimda “Ana beraman, mana beraman”, deb aldab keladi. Dinimizda qarzni qaytarmaganga va qarzdan voz kechganga qanday qaraladi?

— Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemang” (Niso surasi, 29-oyat).

Birovning molini botil yo‘l bilan yeyishga ribo, qimor, poraxo‘rlik aldamchilik, narxni sun’iy ravishda ko‘tarish, o‘g‘rilik, qimorbozlik, tovlamachilik, qarzni inkor qilish kabi ishlar kiradi. Bir-birining molini botil yo‘l bilan yeyish odati bor jamiyatlar o‘zini o‘zi halokatga olib borganini va borayotganini hamma ko‘rib-bilib turibdi. Shu bilan birga, qarzdan tonayotgan taraf bilib qo‘ysinki, oxiratdagi ashaddiy azoblarning ustiga boshqa narsalar ham mavjud.

Muoviyaning mavlosi Qosimdan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim ado qilish niyati bilan qarz olsa, uni ado qilishga qat’iyatli bo‘lib turib, qarzni ado qilmasidan oldin o‘lsa, albatta, Alloh taolo uning talabgorini O‘z huzuridagi istagan narsa bilan rozi qilishga qodirdir. Vafot etganni ham mag‘firat qiladi. Kim ado qilmaslik niyati bilan qarz olsa va o‘sha holida, qarzini ado qilmay o‘lib qolsa, unga “Sen falonchining haqini sendan to‘liq olib bermasligimizni gumon qilganmiding?” deyiladi. Uning yaxshiliklaridan olinib, qarz egasining yaxshiliklariga ziyoda o‘laroq qo‘shiladi. Agar uning yaxshiliklari bo‘lmasa, qarz egasining yomonliklaridan olinadi va qarzdorning yomonliklariga qo‘shiladi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Niyati buzuqning holi shu bo‘lsa, qarzdan tonib o‘tib ketganning holi qanday bo‘lishini har kim o‘zi bilib olaversin.

Har bir qarzdor tezroq qarzini uzish payida bo‘lishi kerak. Qarzni uzmay turib vafot etib qolish juda ham og‘ir vaziyatni yuzaga keltiradi. O‘lgan bandadan Alloh taolo O‘z haqini kechib yuborishi mumkin, ammo qarz bandaning haqidir. Bu haqni qarz egasining o‘zi kechmaguncha, Alloh taolo kechmaydi.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan: “Agar nochor bo‘lsa, boyigunicha kutishdir. Sadaqa qilmog‘ingiz, agar bilsangiz, o‘zingiz uchun yaxshidir” (Baqara surasi, 280-oyat).

Agar qarzdor nochor bo‘lsa, Alloh taolo qarz beruvchini sabr qilishga, qarzdorni qiyin-qistovga olmaslikka, u o‘zini o‘nglab olgunicha kutib turishga chaqiradi. Agar qaytarishning aslo iloji bo‘lmasa, qarzdorning kambag‘alligi kundan-kunga oshib ketayotgan bo‘lsa, berilgan qarzdan kechib yuborish afzal ekan. Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ham ko‘plab irshod (ko‘rsatma)lar bor. Qarzning muddatini uzaytirish oliy fazilat bo‘lsa, uni kechib yuborish undan ham kattaroq fazldir.

Muhammad Ayyub HOMIDOV

Kiritildi: 18:53 28.10.2020. O'qildi: 4525 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!