Joriy yil 25 may kuni Dehlida O‘zbekiston va Hindiston oliy ta’lim muassasalari forumi o‘tkaziladi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasining Hindistondagi elchixonasi va shu mamlakatning “MD House” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etiladi, deb yozadi O‘zA.
Forumda ikki davlatning yetakchi universitetlari va institutlari delegasiyalari ishtirok etadi. Ta’lim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, qator o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzolash kutilmoqda.
So‘nggi yillarda hindistonlik yoshlarning O‘zbekistonda ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotgani kuzatilmoqda. Ta’lim tizimidagi izchil islohotlar, o‘quv dasturlarining xalqaro standartlarga muvofiqligi hamda xorijlik talabalar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, shu jumladan, ingliz tilidagi ta’lim, munosib yashash sharoitlari va xavfsizlik buning asosiy omillaridir.
Anjuman davomida talabalarning xorijda o‘qishini tashkillashtirishga ixtisoslashgan hind kompaniyalari bilan hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratiladi.
Oliy ta’lim O‘zbekiston-Hindiston hamkorligining muhim yo‘nalishiga aylanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida qariyb 10 ming nafar hindistonlik talabalar tahsil olib, ushbu ko‘rsatkich o‘sishda davom etmoqda.
Dehlidagi forum ikki mamlakat ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va akademik mobillik imkoniyatlarini kengaytirish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.