Shu kunlarda Toshkent shahrining ba’zi tumanlarida egasiz, daydi itlarni otib ketilayotgani haqidagi mish-mishlar tarqalmoqda.
Ana shu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasiga qarashli markaziy avariya dispetcherlik xizmati qoshidagi daydi hayvonlarni tutish maxsus bo‘limiga murojaat qildik.
– Itlarni otib ketilishi haqidagi barcha gaplar yolg‘on. Bu balki itini hovlida qoldirgan va qo‘shnisini murojaati tufayli olib ketilgan it egasini yolg‘on ma’lumoti bo‘lishi ham mumkin. Vaholanki, hozirgacha hech kim buni tasdiqlaydigan surat yoki videoni ko‘rsatgani yo‘q, – deydi mazkur bo‘lim raisi o‘rinbosari Shuhrat Mahamatjonov. – Biz O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 iyuldagi “Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ish yuritamiz. Unda daydi itlarni otish haqida hech qanday gap yo‘q. Demak, biz faqatgina daydi itlarni tutish va ularni Nazarbekdagi pitomnikda ushlab turish bilan shug‘ullanamiz.
Qayd etish joizki, aholi punktlarida it yoki mushuk parvarishlashda o‘ziga xos sanitariya-gigiyena qoidalari mavjud bo‘lib, unga hamma ham e’tibor beravermaydi. It va mushuklarning qo‘shnilar tinchini buzishi yoki ayrim turar joylarda sanitariya qoidalariga rioya etmagan holda qoramol, qo‘y-echki va boshqa hayvonlarni saqlash oqibatida sanitariya holatining yomonlashuvi haqida fuqarolardan shikoyatlar tushadi. Misol uchun, kecha ya’ni 22 noyabr kuni aholidan to‘qqizta murojaat tushgan va yigirmatadan ortiq daydi it ushlab kelindi.
Ushlangan daydi hayvonlarning holati, sog‘lig‘i haqida vetvrachlar har kuni MCHSga ma’lumot berib boradi. Yana bir bor aytishim kerakki, itlarni otishga kafolatimiz yo‘q. Agarda shunday holat yuz bersa, bunga faqatgina Ichki ishlar vazirligi va Ovchilar jamiyatining haqqi bo‘ladi. Unga ham Toshkent shahar hokimining qarori kerak.
Bizga ma’lum qilishlaricha, it va mushuklarni saqlash, parvarishlash, hayvon egalari va davlat organi vakillarining vazifalari, huquq va majburiyatlari mavjud ekan.
Ushbu qoidalarga ko‘ra, uy egalari o‘z qaramog‘idagi itlarni hududiy veterinariya xizmatidan ro‘yxatdan o‘tkazishi, o‘z vaqtida quturishga qarshi emlatishi zarur. Shu bilan birga, ko‘p qavatli uylarda qo‘shnilar va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining roziligi bilan bittadan ortiq bo‘lmagan it va bitta mushuk saqlash imkoniyatiga ega. Itlarni maxsus ajratilgan joylarda, turar joy binolari atrofiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan sayr qildirishi, aholi tinchligi va xavfsizligiga raxna solmasligi kerak.