Adliya vazirligi ishlab chiqqan tegishli qonun loyihasi bilan «O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, mazkur qonun dafn arosimlarida Davlat bayrog‘ini tobut ustiga yopish tartiblarini nazarda tutuvchi 9-1-modda bilan to‘ldiriladi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini tobut ustiga yopishga davlat va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan shaxslarga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari hamda boshqa harbiy tuzilmalarning harbiy xizmatchilari, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan hollarda ruxsat etiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i tobut ustiga yopilganda, bayroq matosidagi yangi oy va o‘n ikkita besh qirrali yulduz tasvirlangan qismi tobutning bosh qismi va marhumning chap yelka tomoni ustida, marosim ishtirokchilariga nisbatan o‘ng yuqori burchakda joylashishi shart.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i tobutning yuqori qismini to‘liq yopishi, bayroq matosining qirralari tobutning yon tomonlariga bir tekis tushib turishi va yerga tegmasligi lozim.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i tobutning ustiga yopilganida uning ustiga buyum qo‘yilmaydi. Buyumlar tobutning yon tarafiga joylashtiriladi.
Dafn marosimining yakunlangandan so‘ng, biroq, jasad qabrga tushirilishidan yoki jasad kuydirilishidan oldin O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i yig‘ib olinadi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘ini yig‘ib olish davlat ramzlariga xos hurmat va ehtirom bilan amalga oshirilishi hamda yig‘ib olingan O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i munosib o‘ringa joylashtirilishi lozim.
Manba: regulation.adliya.uz