Toshkent viloyatining ayrim qishloqlarida oddiy kundalik turmush uchun zarur bo‘lgan elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi, yo‘l bilan bog‘liq muammolar bor. Prezidentimiz tashabbusi bilan “Obod qishloq” dasturi hayotga tatbiq etilayotgani joylarda shu kabi muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda.
Yurtdoshlarimizning bugungi kunidan rozi bo‘lib yashashini ta’minlashdek olijanob maqsadga xizmat qilayotgan ushbu dastur ijrosi doirasida Toshkent viloyati qishloqlarida ham ulkan bunyodkorlik, qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Viloyat “Obod qishloq” shtabidan ma’lum qilishlaricha, hozirgi kunga qadar dasturda rejalashtirilgan vazifalarning qariyb 50 foizi bajarilgan.
– Dastlab 30 qishloqda qariyb 243 milliard so‘mlik qurilish-obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi“ ishlab chiqilgan edi, – deydi viloyat “Obod qishloq“ shtabi rahbari M.Botirov. – Viloyat hokimi tashabbusi bilan dasturga har bir tumandan yana bittadan, jami 15 qishloq kiritildi va ushbu qishloqlarni obodonlashtirish uchun qo‘shimcha 137 milliard 873 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Viloyatda obod qishloqlar ko‘payishi bilan bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar salmog‘i ham sezilarli darajada oshdi. Jumladan, dastur ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan "yo‘l xaritasi"ga muvofiq, ta’mirlanishi va obodonlashtirilishi rejalashtirilgan uy-joylar 3 ming 236 taga ko‘payib, 17 ming 479 taga yetdi. Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 73 kilometrlik suv quvuri tortish bo‘yicha qo‘shimcha reja belgilanib, umumiy masofa 172 kilometrga yetkazildi. Ta’mirlanishi va yangidan tortilishi belgilangan elektr energiyasi tarmog‘i 135 dan 243 kilometrga, gaz tarmog‘i 18 dan 144 kilometrga, ichki va xo‘jaliklararo yo‘llar 225 dan 318 kilometrga yetkazildi. Ijtimoiy soha ob’ektlariga yana 34 muassasa qo‘shildi va ular soni 72 taga yetdi.
Hozirgi kunga qadar ijtimoiy soha ob’ektlari bo‘yicha belgilangan vazifalar 99 foizga, gaz ta’minoti yo‘nalishida 64, elektr energiyasi borasida 62, ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha 32 foizga bajarilgan. Biroq, tozalash inshootlari va oqova suv xandaqlari barpo etish, uy-joylarni ta’mirlash va obodonlashtirish, ichki va xo‘jaliklararo yo‘llarni ta’mirlash borasidagi ishlar sust bormoqda. Masalan, Yangiyo‘l tumanining Chortoq mahallasida shunday holatni kuzatish mumkin.
Mahalla poytaxtning Sirg‘ali tumani bilan qo‘shni bo‘lib, 7 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahallada dastur ijrosi yuzasidan “yo‘l xaritasi“ ishlab chiqilgan, bajarilishi lozim bo‘lgan qurilish va obodonlashtirish ishlariga 6 milliard 634 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, 496 xonadon, shundan 16 tasi mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan ta’mirlanishi belgilangan.
– Uyimizni ta’mirlashda yordam berishlarini eshitib, rosti, quvondik, – deydi Qirariq ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro B.To‘laganov. – 15 kun bo‘ldi uyning tomini ochib, suvoq qildik. Shu kunlarda shifer va yog‘ochni ham olib kelishlarini aytishgan. Hozircha keltirishmadi, kim biladi, balki 16 uyga bir vaqtda olib kelishar. Kutyapmiz...
Joriy ta’mirlanishi belgilangan 3 ming 600 metr yo‘lning 2 ming 800 metri ta’mirdan chiqarilgan. Yangidan asfalt yotqizilishi belgilangan Qirariq 1- va 2-berk ko‘chalarida hali ish boshlanmagan.
– Qirariq 3-berk ko‘chasida yashayman, – deydi ismi-sharifini oshkor qilishni istamagan fuqaro. – Bizning xohishimiz hamisha imkoniyatimizdan yuqori bo‘lgan. Buni tushunaman va yonma-yon joylashgan 2-berk ko‘cha dasturga kirib, ko‘chamiz qolib ketganidan xafa emasman. Ammo ichimlik suvi tortib berishganida yaxshi bo‘lardi. Bilasiz, toza suv – sog‘liq garovi.
Yangihayot 2- va 3-berk ko‘chalari aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 1 ming 600 metr uzunlikda suv quvuri tortilgan, ammo negadir haligacha tarmoqqa ulanmagan.
Chortoqning yana bir e’tiborli jihati, mahalla aholisining qariyb 500 nafari 7 yoshgacha bo‘lgan bolalardir. Ammo hududda shu kunga qadar maktabgacha ta’lim muassasasi bo‘lmagan. Aholi bolasini Sirg‘ali tumani hududidagi bog‘chalarga olib borgan.
– 3 nafar farzandim bor, – deydi Qirariq 1-berk ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro N.To‘laganova. – Ularni shaharga olib borib kelishning o‘zi bo‘lmaydi. Yo‘l haqi, yana shahar bog‘chalarining narxi, qani endi o‘sha bog‘chalar o‘zimizda bo‘lsa!?
Chortoqdagi ishlar umuman qoniqarsiz, deyish fikridan yiroqmiz. Chunki mahallada e’tirofga sazovor ishlar ham ko‘p. Buni birgina tadbirkor M.Ro‘zimetov tomonidan xususiy bog‘cha, non va non mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sex, sport-sog‘lomlashtirish majmuasi bunyod etilayotgani misolida ham ko‘rish mumkin.
Manba: uza.uz