Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi “Chig‘iriq” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi hududda joylashgan ko‘mir omboridan chiqayotgan changdan jabr ko‘rmoqda. Bu haqda aholi vakillari xabar qildi. Ushbu holat bo‘yicha "Turon24" muxbiri surishtiruv o‘tkazdi.
“Bu yerdagi omborda ko‘mirni ham tushirishadi, ham ortishadi. Bu yerdan tumanlarga jo‘natilsa kerak. Ekskavatorda ortganda atrofga chang yoyilib ketadi. Hovlimizni qop-qora rangga bo‘yaydi. Bu masala bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘iniga ham necha marta murojaat qildik. Lekin foydasi bo‘lmadi. Olti metrlik devor bilan o‘rab olamiz, unday qilamiz, bunday qilamiz deb va’da beraverishadi. Ammo hali biron ish qilishgani yo‘q. “Ko‘chalaringni asfalt qilib beramiz, boshqa qilib beramiz. Bizga ko‘mir omborining zarari tegmayapti degan tilxat yozib beringlar”, – deyishibdi odamlarga. Jabrini chekkan biz bo‘lyapmiz. Aholi yashaydigan joyda bunday ko‘mir ombori bo‘lishi mumkin emas”, – deydi aholi vakillaridan biri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yerda faoliyat yuritayotgan ko‘mir ombori “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasining “Temiryo‘lyonilg‘ita’min” boshqarmasi “Birlashgan yoqilg‘i ombor xo‘jaligi”ga qarashli To‘ytepa ikkinchi ombori deb ataladi.
“Daraxtlarimiz qurib qolayapti, qurimaganlari ham kasallangan. Hatto uylarimizning ichini ham ko‘mir changi bosayapti. Ko‘mir changi bizga ko‘p zarar berayapti. Men uyda dorivor giyoh yetishtiraman. Ekkan giyohlarim ko‘karmadi, ko‘karganlari ham quvrab qolayapti. Men buning urug‘ini ancha pulga olganman. Bu yerda qanday qilib kun ko‘raylik?!
Bir shamol ko‘tarilsa, changdan nafas olib bo‘lmaydi. Hammayoq qop-qoraligidan uyga mehmon ham aytolmaymiz. Biz ham mana shu yashayotgan joyimizga soliq to‘laymiz axir! Yozmagan joyimiz, ko‘rmagan choramiz qolmadi. Katta traktor kecha-kunduz ishlaydi. Ishdan charchab kelamiz, traktorning ovozidan dam olib ham bo‘lmaydi. Prokuraturaga yozdik, Sog‘liqni saqlash vazirligiga yozdik. Eshitishimizcha, ko‘mir omboridagilarning tepada kattaroq odami bor ekan. Yozgan murojaatlarimizni o‘sha odam orqali bular "hal qilib" yuborishayotgan ekan. DSENM(SES)dan ham odam keldi, ekologiyadan ham kelishdi. Lekin masalamizga hech bir ijobiy yechim topisholmadi”, – deydi ismi sir qolishini so‘ragan mahalla fuqarosi.
2018 yilning 13 sentyabr kuni Nurafshon shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi “Temiryo‘lyonilg‘ita’min” boshqarmasi Toshkent viloyati bo‘yicha ko‘mir omborlari rahbari nomiga xat chiqarilgan. Ushbu xat “Chig‘iriq” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaroning Prezident virtual qabulxonasiga qilgan murojaatiga asosan yuborilgan.
Rasmiy xatda: “...boshqarmaga qarashli briket ishlab chiqarish sexiga 2 ta avtomashina ko‘mir kukuni ortilayotganda ko‘mir changi chiqishi aniqlandi, shu vaqtda O‘rtachirchiq tuman sanitariya gigiyena laboratoriyasi xodimlari ishtirokida omborxona qorovulxonasida ko‘mir changidan namuna olingan. Tekshiruvlar xonadagi chang miqdori 7,55mg/m3 ekanini ko‘rsatdi, bu esa sanitariya normasidan 30 foiz ko‘pdir.
2018 yil 2 sentyabr kuni ko‘mir changini o‘lchash uchun ombor yonidagi atmosfera havosidan namuna olinganda SH.Muzaffarov xonadonida ko‘mir changi – 0,64 mg/m3, Z.Yovqocheva xonadonida ko‘mir changi – 0,74mg/m3, D.Rizayeva xonadonida ko‘mir changi – 0,70mg/m3 ekanligi aniqlandi. Bu esa sanitariya normasidan 20-50 foiz ko‘p”, – deyiladi.
Shuningdek, Nurafshon shahar DSENM ko‘mir omborining faoliyatini zararsiz tashkil etish bo‘yicha quyidagicha tavsiyani ham bergan:
“Nurafshon shahar DSENM “Aholining sanitariya epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasi va Aholi yashash hududlarida atmosfera havosi muhofazasining sanitariya norma va qoidalariga asosan quyidagi tavsiyalarni bajarishni tavsiya qiladi.
O‘zbekiston SSVning 0350-17-sanitariya qoidalari va me’yorlari 6.1.8-bandi 3-sinf toifasiga ko‘ra atmosfera havosini ifloslantiruvchi manba yoki ishlab chiqarish sexi aholi punktidan 300 metr uzoqlikda bo‘lishi kerak.
Aholi shikoyatini va murojaatlarini o‘rganish maqsadida atmosfera havosidagi chang darajasi doimiy ravishda o‘lchanishi rejalashtirilsin.
Omborxonada ko‘mir ortib-tushirishda chang miqdorini kamaytirish maqsadida texnologik jarayon takomillashtirilsin, maydon atrofini o‘rash va ustini yopish ta’minlansin”.
Bizga ma’lum mustaqil tibbiyot xodimining ta’kidlashicha, “Ko‘mir changi yurak-qon tomir sistemasini zararlab, qon bosimini oshiradi. Immun sistemasini buzadi va saraton kasalligini keltirib chiqaradi. Nafas yo‘llari kasalliklari, bronxit, yuqori va pastki nafas a’zolari saratonini keltirib chiqaradi. O‘pka kasalliklari, ayniqsa o‘pka saratonini yuzaga keltiradi”.
Davomi bor.