Buyuk Britaniya AQShning Eronga ehtimoliy zarbasi fonida Kiprdagi Akrotiri aviabazasiga qiruvchi samolyotlar yubordi. Bu haqda The Times xabar berdi.
Nashrning yozishicha, oltita F-35B samolyoti allaqachon orolda joylashgan Typhoon qiruvchilariga qo‘shiladi. Iroq va Suriyada zarba berish hamda patrul vazifalarini bajarayotgan Typhoon'lardan farqli ravishda, eng yangi F-35B'lar Eronga doir vaziyat keskinlashib ketishi ehtimoliga qarshi xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida joylashtirilgan.
Avvalroq AQShning Tehrondagi elchixonasi Amerika fuqarolarini zudlik bilan Eronni tark etishga chaqirgandi. Bundan tashqari, AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga “juda kuchli zarba” berish bilan bir necha bor tahdid qilgan va uning qirg‘oqlari tomon aviatashuvchi kema boshchiligidagi “ulkan armada” yuborilganini ma’lum qilgan edi.
AQSH, shuningdek, Yaqin Sharqqa qo‘shimcha havo mudofaa vositalarini, jumladan, THAAD majmuasini ham ko‘chirmoqda. Bu mintaqadagi AQSh qo‘shinlari va ittifoqchilarini Eronning ehtimoliy javob zarbasidan himoya qilish uchun.
Vashingtonning tahdidlarga javoban Tehron AQShning har qanday yangi hujumi mintaqaviy urushga olib kelishini ogohlantirib, Fors ko‘rfazidagi Amerika bazalariga zarba berishini bildirdi.