Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi “Vazirshoh” mahalla fuqarolar yig‘inida inson hayoti uchun xavfli moy ishlab chiqariladigan yashirin sex fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, G‘ijduvon tumanidagi Qo‘shqumbak qishlog‘ida yashovchi fuqaro R.SH. xonadonida qo‘lbola moyjuvoz o‘rnatib, uni elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulagan. Laboratoriya nazoratidan o‘tmagan, iste’mol uchun mutlaqo yaroqsiz paxta moyi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelgan.
Tuman ichki ishlar bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor reyd chog‘ida R.SH. o‘z uyida ish ustida ushlandi. Moyjuvoz, chigiti, kunjara, antisanitar ahvoldagi plastmassa idishlar, elektr motor va boshqa ashyoviy dalillar hujjatlashtirildi.
G‘ijduvon tuman davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazining xulosasida qo‘lbola moyning oshqozon-ichak, jigarga salbiy ta’sir etib, xavfsizlik talablariga mutlaqo javob bermasligi ko‘rsatilgan.
Hozir mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.