Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Toshkent davlat stomatologiya instituti hamkorligida “Talabalikka bag‘ishlov – 2018” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilari va yoshlar ishtirok etgan tadbirda institut o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlarini joriy qilish va iqtidorli talabalarni amaliyotini to‘g‘ri shakllantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda institut 1-kurs talabalari talabalik qasamyodini qabul qildi.– Biz yoshlar yaratilgan sharoitlardan keng foydalanib, tinmay mehnat qilishga, ustozlar berayotgan bilimlarni qunt bilan o‘rganishga va kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lishga bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz, – deydi Toshkent davlat stomatologiya instituti talabasi Mahbuba Shodiyeva. – Bugun do‘stlarim qatorida talabalik qasamyodini qabul qilayotganimda rosa hayajonlandim. Bu barchamiz uchun bir umrga esda qolarli voqeadir.
2018/2019 o‘quv yilida Toshkent davlat stomatologiya institutining birinchi bosqichiga 357 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi. Bu yerda talaba-yoshlarning puxta bilim egallashlari uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Toshkent shahridagi 4 stomatologiya poliklinikasi va klinik shifoxonalarda hamda 20 dan ortiq yirik xususiy stomatologiya poliklinikalarida klinik bazalar tashkil etilib, o‘quv jarayoni olib borilmoqda. Bu esa talabalarning bilimlarini yanada takomillashtirishga va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Prezidentning 2017 yil 5 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy ta’lim tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida tibbiy kadrlar tayyorlash tizimini tubdan yangilash, xalqaro standartlar talabi darajasida malakali mutaxassislar tayyorlash uchun sharoitlar yaratish kabi muhim masalalar belgilab berildi. Mazkur oliy ta’lim dargohi ham so‘nggi uch yil davomida 50 ga yaqin xorijiy davlatlarning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari va kompaniyalari bilan memorandumlar imzolashga erishdi.
Manba: uza.uz