Bugun yurtimiz masjidlarida imom-xatiblar “Zakot molni poklash demakdir” mavzusida mav’iza qiladilar. Bu haqda O‘MI rasmiy saytida xabar berildi.
“Zakot – Islomning beshta asosiy ustunlaridan uchinchisi bo‘lib, hijratning ikkinchi yili shavvol oyida ramazon ro‘zasi va fitr sadaqasidan so‘ng farz qilingan. Zakot lug‘atda: poklik, ko‘payish, ziyoda bo‘lish va baraka ma’nolarida keladi. Shar’iy istilohda esa: “Muayyan mollardan belgilangan bir bo‘lagini Alloh taolo belgilab bergan bir toifa musulmon kishilarga mulk qilib berishdir”. Zakot so‘zining ma’nolaridan bevosita ko‘rinib turibdiki, uni bergan kishining mol-u davlatining qolgan qismi faqir va miskinlarning haqqidan pok bo‘ladi. Zakoti berilgan molga baraka kiradi, shuningdek, ko‘payib, o‘sib borib, ziyoda bo‘laveradi. Zakoti ado etilgan mollarni Alloh taolo asraydi. Bu hayot tajribalaridan juda ko‘p marotaba o‘tgan. Qur’oni Karimning o‘ttiz ikki joyida zakot berishga buyruq bo‘lib, shundan yigirma sakkiztasi namoz bilan birga zikr qilingan. Shu e’tibordan zakotning martabasi namozning martabasi bilan barobar desak hato qilmaymiz. Holbuki, namoz dinning ustuni deyiladi. Demak, musulmon inson namoz bilan zakotning orasini ajratmaydi. Bu haqda Alloh Taolo Qur’oni karimda shunday degan: “Namozni to‘kis ado qilinglar, zakotni beringlar va Rasulga itoat qilinglar, shoyadki, rahm qilinsangiz”(“Nur” surasi, 56-oyat).
Ramazon oyi xayru saxovat va mehr-oqibat oyi bo‘lganligi uchun hamda bu oyda bajariladigan barcha amallarga ajrlar bir necha barobar ko‘paytirib berilishidan umid qilib mo‘’min-musulmonlar zakotlarini ushbu oyda berishga odatlanishgan”, deyiladi mav’iza matnida.
Shuningdek, mav’izaning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida zakotga tegishli ba’zi masalalar haqida suhbatlashiladi.