Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Bugun 26 nafar fuqaroga “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni topshiriladi

Bugun 26 nafar fuqaroga “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni topshiriladi

Har yili 14 iyun Butunjahon donorlari kuni sifatida nishonlanadi. Ma’lumki, har kuni dunyo bo‘yicha minglab insonlar donor qoniga ehtiyoj sezadi. Donorlik — odamlarga yaxshilik qilishning eng oddiy ko‘rinishi bo‘lib, ushbu beg‘araz, ko‘ngilli yordam qonga ehtiyoji bor insonlar uchun haqiqiy ko‘makdir.

Qon bu hech narsa bilan almashtirishning imkoni yo‘q va sun’iy ravishda ishlab chiqib bo‘lmaydigan inson hayotidagi muhim ne’mat hisoblanadi. Shu boisdan mamlakatimizda donorlik tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda.

Qon zaxirasini ta’minlashning yagona yo‘li sog‘lom kishilardir. Ayniqsa, hozirgi pandemiya vaqtida donorlar soni keskin kamayib, og‘ir bemorlarga donorlar qoni yanada zarur bo‘lmoqda.

Donor qon topshirar ekan, kimningdir hayotini saqlabgina qolmay, o‘z sog‘ligini saqlashga ham erishadi. Chunki muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tib turish va qon tahlillarini topshirish, kishi salomatligi haqida ma’lumotga ega bo‘lib borishiga xizmat qiladi. Hozirda dunyoning ko‘plab davlatlarida qon zaxirasi ko‘ngilli donorlik hisobiga yig‘iladi.

Sog‘lom kishi uchun qon topshirish, albatta, xavfsiz hisoblanadi. Chunki odam organizmida 4,5-5 litr qon bo‘lib, undan 200 yoki 400 ml olinadi va organizm 36 soat ichida topshirilgan qon miqdorini tiklab olish xususiyatiga ega. Boz ustiga, bu muolaja qon tizimi ishini o‘ziga xos ravishda rag‘batlantiradi. Asosiysi, qon topshirisharterial gipertoniya xastaligining oldini olish va bartaraf etish, moddalar almashinuvini yaxshilashga xizmat qiladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, xavfsiz qon faqatgina beg‘araz donordan tayyorlanadi. Beg‘araz donorlikni aholi orasida rivojlantirish uchun mamlakatimizda ko‘pgina ishlar amalga oshirilmoqda.

JSST bu yilgi Butunjahon donorlari kunini butun dunyoda “Qon topshiring, dunyoda hayot davom etsin” shiori ostida o‘tkazishni taklif etgan. Bunda qon donorlari dunyoda kimningdir hayotini saqlashga va yana kimningdir hayoti mazmunini yaxshilashga qo‘shgan hissasi muhim ekanligi targ‘ib qilinadi.

Bunday aksiyalar dunyo bo‘ylab ko‘proq odamlarni muntazam ravishda qon topshirishga va shu bilan aholi sog‘lig‘ini yaxshilashga hissa qo‘shishga qaratilgan global da’vatni kuchaytiradi. Ko‘pgina mamlakatlarning yoshlari ixtiyoriy qon topshirish orqali xavfsiz qon ta’minotini yaxshilashga qaratilgan tadbirlar va tashabbuslarda faol ishtirok etmoqdalar. Ko‘plab mamlakatlarda aholining aksariyat qismini sog‘lom, g‘ayratli va ijodiy kuchga to‘lgan yoshlar shakllantirganligi uchun bu yilgi aksiyalar yoshlarning jamiyatda tutgan avangardlik roliga qaratilgan.

Dunyo bo‘ylab o‘tkaziladigan bu yilgi kampaniyaning maqsadlari:

📌 yoshlarni qon topshirishga qaratilgan insonparvarlik chaqirig‘iga javob berishga va boshqalarni shu yo‘lni tutishga undash;

📌sog‘liqni saqlashni rivojlantirishda sherik sifatida yoshlar salohiyatini tan olish.

Yurtimizda o‘z qonini kamida qirq marta yoki uning tarkibiy qismlaridan bir qismini kamida oltmish marta bepul topshirgan fuqarolar an’anaviy tarzda “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan mukofotlanadi.

Bu yil ham respublikamizning barcha hududlarida doimiy, beg‘araz donorlarni va donorlar harakatini rivojlantirishda faol ishtirok etadigan tashkilotchilarni rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan. Ya’ni 14 iyun — Butunjahon donorlar kuni mamlakatimiz bo‘yicha 26 nafar fuqaroga “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni joylarda sanitariya-epedimiologiya talablariga rioya etgan holda topshiriladi.

Qon topshirish insonning insonga hadya etgan eng oliy darajadagi sovg‘asidir. Hayot hadya etish — savob ishning eng oliy ifodasi ham sanaladi. Shunday ekan, savob ishni amalga oshirishga kechikmaylik.

Kiritildi: 08:52 14.06.2021. O'qildi: 1387 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!