Bugun 14 may, 2024 yil, seshanba

КИР

Boshqirdiston rahbari Abdulla Aripov bilan uchrashdi

Boshqirdiston rahbari Abdulla Aripov bilan uchrashdi

Boshqirdiston rahbari Radiy Xabirov Toshkentda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bilan uchrashdi. Suhbatdoshlar ikki respublika o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qildi.

“Rossiya Prezidenti Vladimir Vladimirovich Putin va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev o‘rtasidagi ishonch munosabatlari mamlakatlarimiz, jumladan, hududlararo hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Biz Abdulla Nig‘matovich bilan sanoat, jumladan, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildik”, dedi Radiy Xabirov.

Uchrashuvda Abdulla Aripov bugungi kunda O‘zbekiston-Rossiya munosabatlari mustahkamlanib, yangi sur’at kasb etayotganini ta’kidladi.

“O‘zbekiston va Boshqirdiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni, sanoat kooperasiyasini, madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanini qayd etmoqchiman”, dedi bosh vazir.

Radiy Xabirovning so‘zlariga ko‘ra, Boshqirdiston O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmini hozirgi 113,3 million dollardan 500 million dollargacha oshirishi mumkin.

“O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini bojxona statistikasi nuqtai nazaridan tahlil qildik. Oxirgi ikki yil ichida, koronavirus pandemiyasiga qaramay, u sezilarli darajada o‘sdi va taxminan 110-115 million dollarni tashkil etdi. O‘ylaymizki, savdo aylanmamiz salohiyati to‘liq ochib berilmagan. Shunday ekan, biz dadil va ishonchli tarzda yarim milliard dollar chegarasini belgilashimiz va shunga intilishimiz kerak”, deya ta’kidladi u.

Shu maqsadda Boshqirdiston O‘zbekiston viloyatlari va respublika hukumati vakillaridan iborat ishchi guruh tuzishni taklif qildi. Ishchi guruhga hamkorlikning istiqbolli nuqtalarini tahlil qilish va tegishli yo‘l xaritasini tayyorlash topshiriladi.Shuningdek, Radiy Xabirov O‘zbekistonni Boshqirdistonning eng muhim va kuchli hamkorlaridan biri deb atadi.

Ma’lumot uchun, Boshqirdiston hududida O‘zbekiston kapitali ishtirokida 56 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 2021 yilda O‘zbekiston savdo aylanmasi bo‘yicha Boshqirdistonning tashqi savdo hamkorlari orasida 11-o‘rinni egalladi.

Avvalroq, Boshqirdiston o‘zbek gilamlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi ekani va O‘zbekiston avtosanoati bilan hamkorlik qilishga tayyorligi haqida xabar bergan edik. Radiy Xabirov boshchiligidagi Boshqirdiston delegasiyasi 16 maydan buyon O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

Kiritildi: 14:36 19.05.2022. O'qildi: 1785 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!