Bugun 29 may, 2025 yil, payshanba

КИР

Bolalardagi toshmalar qanday kasallik belgisi bo‘lishi mumkin?

A A A
Bolalardagi toshmalar qanday kasallik belgisi bo‘lishi mumkin?

⛅️ Oldimizda kuz. Hademay salqin kunlar boshlanadi. Demak, mavsumiy allergik xastaliklar avj oladigan davr yaqin. Shulardan biri — chaqaloqlar, bolalar va o‘smirlar o‘rtasida ko‘p uchraydigan atopik dermatit.

❓ Xo‘sh, bu kasallik haqida mutaxassis nima deydi?

Ilmira Razikova,
Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori:

📊 — Dunyo bo‘yicha har to‘rt boladan biri atopik dermatitdan aziyat chekadi. Chaqaloqlarda paydo bo‘ladigan teri toshmalarining 85 foizgacha qismi aynan ushbu kasallik alomati. Bundan tashqari, qizlarda ushbu dard o‘g‘il bolalarga qaraganda 1,5 barobar ko‘proq qayd etilishi aniqlangan.

🔬 Xalq orasida "teri astmasi" deb ataladigan mazkur xastalik nasliy xarakterga ega bo‘lib, ota yoki onada atopiya, allergik kasallik borligi qayd etiladi. Tananing turli qismlarida toshma va qizarish bilan kechadigan yallig‘lanish o‘choqlari yuzaga kelishi atopik dermatitga xos.

👶 Jajji bemorlarda bu kasallik odatda 2-3 oyligidan rivojlanadi va 3-4 yil ichida yo‘qolib ketadi. Ba’zi hollarda esa toshmalar umr bo‘yi saqlanib qolishi ham mumkin.

❗️Atopik dermatit teri kasalligi emas, balki bola ichki organizmi faoliyatidagi buzilishlar belgisidir.

‼️Kichkintoylarda bu xastalik kelib chiqishining asosiy sababi oziq-ovqat allergiyasi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, nafas yo‘llari orqali tanaga kirgan allergenlar ham toshmalarni paydo qiladi.

🩺 Qichishish — kasallikning asosiy belgisi. U uyquga va bemor bolaning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, asabiylik hamda jizzakilikni keltirib chiqaradi.

🔎 Toshmalar kasallik darajasiga qarab turli ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. O‘tkir bosqichda ular yorqin qizil rangga kirib, yallig‘lanish joyiga qon to‘planishi tufayli mayda shishlar hosil bo‘ladi.

✅ Xastalikning yengil va o‘rta bosqichlarida esa toshmalar och qizg‘ish tusda namoyon bo‘ladi. Ular quruq bo‘lishi hisobiga tez to‘kilib tushadi. Toshmalarning ko‘payishi esa aksariyat hollarda terining kiyimga ishqalanishi oqibatida yuz beradi.

📌 Bunday yara-chaqalar chaqaloqlarda asosan bosh, bo‘yin va ko‘krak sohalarida, bolalar va o‘smirlarda esa tirsak va tizza orqasida hamda boshqa tana a’zolarida ko‘p uchraydi.

👫 Yosh bolalardagi atopik dermatit, odatda, bir qator allergik kasalliklar, shu jumladan, oziq-ovqat sezgirligi, rinit va astmaning ilk alomati sifatida namoyon bo‘lishi mumkin.

📈 Toshmalar sovuq kunlarda ko‘payib, issiq mavsum boshlanishi bilan sezilarli darajada kamayishi kuzatiladi.

👨‍👩‍👦‍👦 Atopik dermatit nasl suruvchi xastalik ekanligi o‘z isbotini topgan. Ilmiy xulosalarga ko‘ra, agar ota yoki ona xuddi shunday patologiyadan aziyat cheksa, uning bolada namoyon bo‘lish ehtimoli 30-40 foizga teng. Agar xastalik ota-onaning har ikkisida ham bo‘lsa, xavf ko‘rsatkichi 70-75 foizga oshadi.

Kiritildi: 11:39 22.08.2023. O'qildi: 14447 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!