Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Bolalar isyoni: Sayyoramizga yangi odamlar kelyapti

Bolalar isyoni: Sayyoramizga yangi odamlar kelyapti

Buni birgina biz sezganimiz yo‘q, ko‘pchilik sezyapti: qandaydir boshqacha yangi avlod voyaga etib kelmoqda.

“Keyingi paytlarda bolam menga o‘limga qanday munosabatda bo‘lishni o‘rgatyapti, holbuki, men unga o‘rgatishim kerak, — deydi birov. — Bu masalalarda u barqaror ishonchga ega, men esa shuncha yil yashab, hali bunday ishonchga ega bo‘lolganim yo‘q”.

Yana kimdir bolasi haqida aytadi: “Uning fikri sodda va ravshan — u hamma o‘lganlarning ortga qaytib kelishiga ishonadi. U bobosiga taskin beradi — hechqisi yo‘q, hozir qarigan bo‘lsangiz, keyin yana yangi, yosh bo‘lasiz. O‘lgan itimizning qabriga qarab, yig‘lasam, meni xotirjam qiladi — u qaytadi, chiriydi, jimirlaydi, maysa bo‘lib ko‘karadi, yangilanadi, deydi”.

“O‘g‘lim juda yomon gaplashadi. Bolaginam. Ammo bazan shunday tuyuladiki, u meni va mening his-tuyg‘ularimni ochiq-ravshan ko‘rib turadiganday, – deydi uchinchi bir odam. – Yana shunday tuyuladiki, u bizdan ko‘ra ko‘proq narsani anglaydi va bu dunyoga nega kelganini, o‘z vazifasini biladi”.

Yana bir odam hayratlanadi: “Gohida bu go‘dak menga tushunarsiz bo‘lgan narsalarni gapiradi, bilmadim, u bularni qaydan olgan ekan? Bolalar bog‘chasida unga zo‘rg‘a chidashadi: u baqirishlariga javoban hayratlanib qarashi va: “O‘zi nima uchun baqiryapsiz?” deb so‘rashi mumkin. Turgan gapki, tarbiyachi dovdirab qoladi va yanada badtar qichqiradi. Buni bola tushuna olmaydi”.

O‘qituvchilar ham g‘alati bolalar paydo bo‘lganini takidlashmoqda. Oqil, o‘ziga ishonadigan, mavjud aqidalar va qoidalarni tan olmaydigan bolalar. Andozalarga mos kelmaydigan, boshqarib bo‘lmaydigan bolalar.

Bu bolalar go‘yo ularni ushlab turgan zanjirlarni uzganga o‘xshaydi. Kattalarning fikri bilan hisoblashmaydilar, kattalarning obro‘-izzatiga, meyorlariga parvo qilmaydilar, shunchaki dars o‘rtasida so‘ramasdan tashqari chiqib ketaverishlari mumkin. O‘qituvchining ko‘ziga tik qarab, noto‘g‘ri o‘qitayotganligini ham aytib ketaveradilar. Ular juda ko‘p.

“Muammoli” bolalar hamma zamonlarda ham bo‘lgan. Ularni to‘g‘ri yo‘lga solish uchun ham o‘qituvchilar, tarbiyachilar, shifokorlar, psixologlar bor. “Muammoli” bolalarni sinchkovlik bilan tekshirishdi. Hayratli hodisa malum bo‘ldi: bu bolalarning zakovat darajasini tekshirish natijalari hamisha yuqori bo‘lib chiqdi, holbuki, ularning aksariyati maktabda zo‘rg‘a “uch” bahoga o‘qishardi.

Shunday qilib, ma’lum bo‘ldiki, bu bolalar aqlli, rivojlangan, ammo odatiy xulq-atvor ko‘nikmalariga rioya qilishni istamaydilar – endi ularni nima qilish kerak?

“Yangi” bolalarni ular qiziqadigan ishdan ajratib bo‘lmaydi, qiyinchiliklar ularni to‘xtata olmaydi, aksincha, ular bundan badtar ishga berilishadi. Ular juda tirishqoq hamda to qiziqishlarini qondirmaguncha yoki oldiga qo‘yilgan vazifasini bajarmaguncha, tinmay o‘zi mo‘ljallagan yo‘nalishda ishlayveradi. Asosiy narsa ma’lum bo‘ldi. Ularning nomutanosib xulq-atvori kasallikning natijasi emas, ularga bo‘lgan munosabatdan og‘ringanliklari tufaylidir. Bolalarning isyoni kattalarning qutqulashi tufaylidir. Bolalar esa o‘zlarining o‘zliklarini saqlash, o‘z bilganlaricha qolish uchun kurashadilar, xolos.

YONINGIZDAGI YOSh INSONGA DIQQAT QILING!

O‘g‘lingiz, qizingiz, jiyaningiz yoki nabirangizning oldiga keling. Uning ko‘zlariga qarang. Agar uning ko‘zlarida donishmandning xotirjam nigohini payqasangiz va u go‘yo sizni ochiq turgan kitobni o‘qiganday o‘qiy boshlasa, qarshingizda yangi zamon bolasi turibdi.

Bugungi zamon bizning bolaligimiz o‘tgan zamon emas, bu – yangicha, shiddatli asr, axborot asri, raqamli texnologiyalar asri. Uning bollari ham shu zamonga mos bo‘ladi, aks holda, yashab qololmaydi.

Bugungi bola bu olamga o‘zining shohonaligini anglagan holda keladi (va ko‘pincha o‘zini shunga munosib tarzda tutadi). Bola sezadiki, “bu dunyoda bo‘lishga haqqi bor”, boshqalar uning bu fikriga qo‘shilmaganliklarini ko‘rsa, juda hayratlanadi.

Bu bolakay uchun mutlaq obro‘-izzatlilar yo‘q, u o‘z xatti-harakatlarini tushuntirib berishni istamaydi va o‘zining ham, boshqalarning ham tanlash erkini tan oladi. Go‘dak o‘zining ahamiyatga molik ekaniga shubha qilmaydi va ko‘pincha ota-onasiga “kimning kimligi”ni bildirib turadi.

Bolakay ayrim narsalarni umuman bajarmaydi (masalan, u navbat kutib turishga toqat qilolmaydi). Bunday bolalar qatiy qoidalar ustuvor bo‘lgan, ijodkorlikka yo‘l bermaydigan konservativ tizimlarga duch kelganda, o‘zlarini yo‘qotib qo‘yadilar. Bolakay maktabda yoki uyda nimadir ishni bajarishning yanada oqilona usullarini topa oladi, ammo atrofdagilar uning bu xatti-harakatini “qoidabuzarlik” va amaldagi tizimga itoat qilmaslik, deb baholashadi.Bolakay boshqa toifadagilar, begonalar orasida odamovi bo‘lib tuyuladi. Intizomni buzganligi haqidagi ayblovlarga u javob bermaydi. Biror narsaga ehtiyoj sezsa, muhtojligini aytishdan tortinmaydi.

“Yangi ming yillik bolalari” — ular g‘ayriodatiy ruhiy imkoniyatlarga egadir. “Yorug‘lik bolalari” — yosh qahramonlarimizning dunyoqarashlari odatdagi qarashlardan farq qiladi.

“Qobiliyatli bolalar” — har qanday sinov ularning zakovat darajasi o‘rtachadan yuqori ekanini ko‘rsatadi (maktabdagi baholar bilan adashtirmang!).

Bugungi bolalarning boshqa olam – BATAMOM MUHABBAT va SEVINChdan iborat bo‘lgan ruhiy olam haqidagi xotiralari hamisha uyg‘oqdir.

Ular bizga malum bo‘lmagan, biz ko‘nikmayotgan HAQIQATdan xabardordirlar. Ular odamlar o‘ylab topgan o‘yin qoidalarini emas, real dunyoning haqqoniy manzaralarini yaxshi biladilar.

Ular odamlarga evolyusiya pog‘onalaridan yuqoriga yuksalishda yordam berishni istaydilar (va yordam berish qo‘llaridan keladi!).

Har bir inson o‘zining butun olam bilan mushtarakligini his etishi kerak, bu esa har bir insonni sevish va tushunishdan boshlanadi.

Aynan bolalar bizga (insoniyatga) muhabbat olamiga qaytishda yordam berishadi. Mohiyatan, ularning bosh vazifasi – bizga xatolarimizni ko‘rsatish va o‘zgarishimizda, o‘zimizga va atrofdagi olamga boshqacha, yangicha qarashda ko‘maklashishdir.

Bolalar uchun biz — ochiq turgan kitobmiz. Hech qachon bolani aldashga urinmang, u bilan samimiy munosabatda bo‘ling.

Masalan, agar jahlingiz chiqib turgan bo‘lsa, darg‘azab bo‘lsangiz, shuni aytib qo‘ya qoling: “Men dam olishim, o‘zimga kelishim kerak, keyin sen bilan birga o‘ynaymiz”.

Sizning ikkiyuzlamachiligingizni, yolg‘oningizni bola tushunadi va keyin siz bilan rostgo‘y bo‘lish-bo‘lmaslikni o‘zi hal qiladi.

Bugungi bolalarning aksariyatida hayvonot va o‘simliklar dunyosiga nisbatan qandaydir samimiy va chuqur munosabat mavjud. Bu hayratlanarli bolalar haqida yana ko‘p narsalarni hikoya qilib berish mumkin, biroq, kelinglar, o‘zimizga bir necha savol berib ko‘raylik. Nega bunday dono bolalar bilan muammolar chiqadi? Nima uchun ular bizning talablarimizga bo‘ysunishga qarshilik qilishadi? Nima sababdan ularning ayrimlari odamovi bo‘lib qolishadi? Nima uchun ular, juda istedodli bo‘lishlariga qaramasdan, o‘zlariga isyon qilishga imkon beradilar?

Falokat bitta narsada: biz ularni ko‘hna yo‘ldan olib bormoqchimiz, ular esa – yangilik urug‘laridir. Biz shu paytgacha mavjud xulq-atvorimiz stereotiplari, shu dunyoqarashimiz va tafakkurimiz bilan na kurrai zaminda, na qalbimizda osoyishtalik, garmoniya o‘rnatolmadik. Agar biz bolalarni ham, bizni qanday tarbiya qilishgan bo‘lsa, shundoq voyaga yetkazsak, ularga ham bizga bolaligimizdan singdirishgan xato va kamchiliklarni singdiramiz.

BOLALARNING QALBINI E’ZOZLANG!

Bola — to‘laqonli shaxs. Uni o‘z xohish-irodangizga bo‘ysundirishga intilmang, odatdagiday: “Men kattaman, shuning uchun mening gapimga kirishing kerak!” demang. Uni majburlamang, o‘zi tajriba orttirishiga ko‘maklashing. Go‘dakka tanlash imkonini qoldiring. Unga QANDAY o‘ylashni o‘rgating, ammo NIMAni o‘ylash kerakligini o‘rgatmang.

Bugunning bolalarini aldash va ularga kuch bilan “to‘g‘ri fikr”ni singdirish imkonsizdir.Ammo ular bilan vaziyatni yoki xatti-harakatni muhokama qilish orqali kelishib olish oson. Teng muloqot olib boring. Ayni paytda o‘z xatti-harakati, o‘z tanlagan yo‘li uchun O‘ZI javobgar ekanini bola anglab olsin.

Bolalar sinchkov bo‘ladilar va zaif joylaringizdan foydalangan holda sizni boshqarishga urinadilar. Ular hamisha kelishuvlarning chegaralarini tekshirib turishga urinadilar, shuning uchun siz ularning kelishuvga rioya qilishlariga erishing.

Bola sabab bo‘lgan vaziyat yoki xatti-harakatni uni kamsitmasdan muhokama qiling. Bolaga u qilgan noto‘g‘ri harakatni anglashga imkon bering.

ISHONING!

Dunyoga kelgan barcha bolalar – muallimlardir. Bola bo‘lganimizda hammamiz ham “dono” bo‘lganmiz. Ammo, katta bo‘lgan sari qandaydir qimmatli narsani yo‘qotib qo‘yamiz: shu joyda va xuddi shu payt hozir bo‘lishni, hayot ekanimiz uchun bolalarcha quvonishni, o‘z ichki ovozimizni tinglashni, o‘zimizni sevishni, butun olamni sevishni yoddan chiqaramiz...

Bolaning salohiyatiga ishoning va u buni bilsin. Hamma bolalar halol bo‘ladilar. Bolaga yolg‘on so‘zlamang, aks holda, unga ham javob tariqasida yolg‘on gapirish huquqini bergan bo‘lasiz (odatda bu uning sukut saqlashiga yoki “o‘z ichiga berkinib olishi”ga olib keladi).

Bola o‘ziga olgan majburiyatlarni qanday bajarayotganligini tekshirib turing. Bola ham sizga nisbatan xuddi shunday qilish huquqiga egadir. Bolaga o‘zini aybdor deb bilish yoki boshqalarni ayblash imkonini bermang. Xato ham — bir egallangan tajribadir, o‘ylab ko‘rish va nimanidir yaxshilash uchun sababdir.

Bola maslahat so‘rasa, uni eshiting va masalani hal qilishda ko‘maklashing. Bir necha yo‘llarni ko‘rsating: “Agar bunday qilsang, nima bo‘ladi...”, “Men sening o‘rningda bo‘lganimda...”, “Bolalik paytimda menda ham shunday bo‘lgan... va men o‘shanda...”.

O‘zingizning qaroringizni majburlab tiqishtirmang, bolani yo‘naltiring. Bu harakatchan bolalarga zerikib qolish imkonini bermang. Ijodiy oziqsiz ularning aqli ochlikka duchor bo‘ladi. Ular Bilan imkon qadar ko‘proq gaplashing, o‘ynang. Mehribon va shafiq bo‘ling.

Bola hamisha xavfsiz ekanini hamda orqasida sizning salohiyatingiz, ko‘magingiz va ishtirokingiz turganini sezib tursin. Bolaning xatti-harakati yaxshi yoki yomon bo‘lishi mumkin. Ammo bola – hamisha aziz va muhtaramdir.

Bugunning bolalarini voyaga yetkazishning eng oddiy yo‘li – ularni o‘z qarichimizda tarbiyalamaslik, aksincha, niholni o‘stirganday o‘stirish, MEHR-MUHABBAT suvi bilan sug‘orish, bilim va tajribalar ozig‘i bilan oziqlantirish lozim. U bizga o‘zini, nozik vujudini va dono aqlini, bokira qalbini ishonib topshirdi.

Bu xazinani ehtiyot qiling!

Karim BAHRIYEV.

O‘zA.

Kiritildi: 06:15 18.09.2019. O'qildi: 3261 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!