Bugun 27 noyabr, 2026 yil, juma

КИР

Bolaga mehribonlik

A A A
Bolaga mehribonlik

Bolaga mehribonlik ko‘rsatish ota-onaning vazifasi va bolaning haqqidir.

Inson zoti doimo mehr-muhabbatga ehtiyojli bo‘ladi. Ayniqsa, bolalar bu narsaga juda ham muhtojlar. Aslida, mehr-muhabbat dini bo‘lmish Islom, shuning uchun ham, bolalarga mehr-muhabbat ko‘rsatishni ota-onalarga vaziyfa etib yuklagan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z huzurlarida Aqra’ ibn Hobis Taymiy o‘tirganda Hasan ibn Aliyni o‘pdilar. Shunda Aqra’: “Mening o‘nta bolam bor. Ulardan birortasini o‘pganim yo‘q”, – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga nazar soldilar-da, so‘ng: “Rahm qilmaganga rahm qilinmas”, – dedilar”. Buxoriy, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘ta bolajon zot edilar. Ul zot bolalar ichida nabiralari Hasan va Husaynni juda ham yaxshi ko‘rar va ularga mehribonlik ko‘rsatar edilar.

Ushbu rivoyatda u zot sollallohu alayhi vasallamning Hasan roziyallohu anhuga ko‘rsatgan mehrlari, sahobalardan birining bunga bo‘lgan munosabatlari va bu munosabatning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan baholanishi haqida so‘z ketmoqda.

Usoma ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni olib, sonlariga o‘tqazar edilar. Hasanni esa boshqa sonlariga o‘tqazar edilar. So‘ngra sonlarini bir-biriga qo‘shib turib: “Allohim! Ikkisini rahm qilgin, men ularga rahm qilurman”, – der edilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Oisha roziyallohu anhadan rivoyat qilinadi: “Bir a’robiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi va: “Sizlar bolalarni o‘pasizlarmi? Biz ularni o‘pmaymiz”, – dedi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh qalbingdan rahmatni sug‘urib olgan bo‘lsa, men nima ham qila olar edim”, – dedilar”. Ikki Shayx rivoyat qilishgan.

Sha’biydan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, kishi bolasining boshini silaganiga va ayoliga yaqinlik qilganiga ham ajr oladi”, – dedilar”.  Husayn Marvaziy rivoyat qilgan.

Musulmon odam o‘z bolasiga mehr ko‘rsatib, uning boshini silab, ko‘nglini ovutib, tarbiya ma’nosida qilgan harakatlariga ham albatta ajr oladi.

Demak, bola tarbiyasi uchun qilinadigan har bir harakat ajrsiz, savobsiz qolmas ekan. Bolaning boshini silashda odamning o‘zi rohat topadi. Lekin shu narsa bolaga ham yaxshi ta’sir qilganidan, Alloh taolo buning uchun ota-onaga ajr-savob berar ekan. Ota-ona bolasining boshini silagani uchun ham ajr olar ekan, uni yedirib-ichirgani, kiydirgani, o‘qitgani, Qur’on yodlatgani, odob-axloqdan tarbiya berib qiynalgani uchun oladigan savoblari qancha bo‘lishini o‘zingiz tasavvur qilavering.

Demak, ota-onaning bola uchun qiladigan hech bir harakati savobsiz, ajrsiz ketmas, dunyoyu oxiratning baxtu saodatiga sabab bo‘lmay qolmas ekan.

Qizlarga alohida hurmat va mehr bilan munosabatda bo‘lish haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalari ham bor. Chunki, qizlar mehrga muhtoj, o‘zlari ojiza bo‘lishadi. Shu bois ular tarbiyasida e’tibor, mehr-muruvvat va ehtiyotkorlik ko‘proq zarur bo‘ladi.

Manba: azon.uz

Kiritildi: 21:21 26.08.2018. O'qildi: 2023 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik