— Qizim farzandi 2 yoshligida ishga qaytgandi. 5 oy ishladi. Nabiram bog‘chaga boradi, lekin ko‘p kasal bo‘lyapti. Qizim bolasi 3 yoshga to‘lgunicha yana ta’til olsa bo‘ladimi? Ishiga ta’sir qilmaydimi?
Ismi sir tutildi
Go‘zal Abduraxmanova, Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi:
— Amaldagi Mehnat kodeksining 234-moddasi 1-2-qismlariga ko‘ra, homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til berilib, bu davrda qonunchilikda belgilangan tartibda nafaqa to‘lanadi.
Ayolga, uning xohishiga ko‘ra, bolasi uch yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’til ham beriladi.
Shuningdek, ushbu moddaning 5-qismiga asosan, bolani parvarishlash ta’tillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu ta’tillar mehnat stajiga lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan olti yil, shu jumladan mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shiladi.
Ushbu kodeksning 237-moddasiga ko‘ra, homilador ayollar va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, korxonaning butunlay tugatilish hollari bundan mustasno, bunday hollarda mehnat shartnomasi ularni albatta ishga joylashtirish sharti bilan bekor qilinadi. Mazkur ayollarni ishga joylashtirishni mahalliy mehnat organi ularni ishga joylashtirish davrida qonunchilikda belgilangan tegishli ijtimoiy to‘lovlar bilan ta’minlagan holda amalga oshiradi.
Yuqoridagi kodeks normalari asosida qizingiz farzandi 3 yoshga to‘lguniga qadar ish haqi saqlanmagan holda bola parvarishlash ta’tili olishi mumkin. Bunda qizingiz ish beruvchiga “bolasi uch yoshga to‘lguniga qadar ish haqi saqlanmagan holda bola parvarishlash ta’tili olish to‘g‘risida”gi ariza bilan murojaat qilishi lozim.
Bola parvarishlash ta’tili davrida qizingizning ish joyi saqlanadi va u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinmaydi.