Qo‘limda Islom olamida juda ham mashhur “Fatvolar“ majmuasi turibdi va ularni maroq bilan mutolaa qilyapman:
1. Al-Fatovo al-Hindiyya.
2. Fatovo Qozixon.
3. Al-Fatovo al-Bazzoziyya.
“Al-Fatovo al-Hindiyya“ni vatandoshimiz Boburning avlodlaridan, podshoh Muhammad Avrangzeb Olamgirning amri bilan bir jamoa faqihlar tomonidan yozilgan. Shuning uchun kitob ulug‘ bobomiz sharafiga “Al-Fatovo al-Olamgiriyya“ deb ham nomlanadi.
“Fatovo Qozixon“ esa imom Qozixon O‘zgandiy Farg‘oniy tomonidan ta’lif qilingan. Bul zot Burhoniddin Marg‘inoniyning shogirdlari bo‘lib, “Fatovo“dan tashqari “Amoliy“, “Voqiot“, “Sharhuz-ziyodot“ kabi mo‘’tabar kitoblarning muallifidirlar.
“Al-Fatovo al-Bazzoziyya“ bo‘lsa, imom Muhammad Kardariy Bariqiniy Xorazmiyning qalamlariga mansub. Kitob shu darajada sharafli bo‘lganki, muftiy Abus Sauddan: “Nega muhim masalalarni jamlab, fatvo borasida kitob ta’lif etmaysiz?“ deb so‘ralganda, “Men bu to‘g‘rida “Bazzoziyya“ sohibidan hayo qilaman“, degan ekanlar.
Ulamolarning e’tirofiga ko‘ra, bu uch kitobdan iborat majmua-to‘plam hanafiy fiqhi ensiklopediyasi sanaladi. E’tiborlisi, bunday yirik ilmiy ish egalari bizning vatandoshlarimiz, bizning bobolarimiz.
Kitoblar yozilgan davrlar to‘g‘risida xayol surib, vatandoshlarimiz hokimu olimi bilan dini islomga qanchalik vafodor, muhabbatli, kamarbasta va bilimdon bo‘lganlarini ko‘z oldimga keltirdim. Allohning oxirgi risolati - Islomning qonunchilik va usuli, hamda ularni rivojlantirish vazifasi ulug‘ bobolarimiz zimmalarida bo‘lgani va uni sharaf bilan ado etganlaridan hayratlandim va (hozirgi holimizdan) o‘kindim.
Men yozayotganlarim bilan ajdodlarimiz bilan faxrlanish yoki hozirgi holimizdan yozg‘irishni maqsad qilmadim*. Faqat bir narsani aytib qo‘yish muddaoyim:
ASLIMIZNI, ILDIZIMIZNI UNUTMAYLIK. BIZ KIMLARNING AVLODIMIZ VA VATANIMIZ QANDAY BILIM VA MAFKURA BESHIGI BO‘LGAN? SHUNI YODDA TUTAYLIK!
TASAVVUR, TAFAKKUR VA TASARRUFIMIZDA SHULARNI UNUTMASAK, BAS. ULARDEK BO‘LISHIMIZGA ANCHA ISh BOR. AMMO ULARGA MUNOSIB BO‘LISh QO‘LIMIZDAN KELADI VA SHUNDAY BO‘LISHGA MAS’ULMIZ VA MAJBURMIZ. AKS HOLDA BOSHQALAR QO‘LIDA XOR BO‘LAMIZ, ZOR BO‘LAMIZ.
* Darvoqe, mazkur fatvo kitoblar islom olami mamlakatlarining hammasida nashr qilinmoqda va qiziqish bilan o‘qilmoqda, o‘rganilmoqda. Bizda hozirgi islomiy ta’limimiz va unga yondashuvimiz bilan ulardek bo‘lish u yoqda tursin, bobolarimiz merosini hijjalashga ham qurbimiz yetmaydi, afsus.
Mubashshir AHMAD
Manba: azon.uz