Bugun 4 may, 2024 yil, shanba

КИР

Bir vaqtning o‘zida 19 ta qiz bilan ishqiy munosabat o‘rnatgan yigit qo‘lga olindi

Bir vaqtning o‘zida 19 ta qiz bilan ishqiy munosabat o‘rnatgan yigit qo‘lga olindi

Xitoyning Chjenchjou shahri polisiyasi ikki yil davomida o‘zi badavlat qilib ko‘rsatib, bir vaqtning o‘zida 19 ta qiz bilan uchrashib yurgan bir erkakni qo‘lga oldi. Bu haqda Sina-Henan axborot portali xabar qilmoqda.

Xabarda yozilishicha, qizlarning to‘rt nafari undan farzand ko‘rgan, yana ikki nafari esa ayni damda homilador.

Ayollarga suyagi yo‘q xitoylik ayyorlik bilan qizlarning yirik miqdordagi pullarini qo‘lga kiritgan. Tan uzoq muddat davomida o‘zini badavlat odamning o‘g‘li yoki aspiranturada tahsil olayotgan boyvachcha sifatida ko‘rsatib kelishga muvaffaq bo‘lgan. O‘zi esa soxta brend liboslarini kiyib, jabrdiyda qizlarga ham qimmatbaho, biroq soxta sovg‘alar berib kelgan. Tan o‘z qurbonlarini internetdagi tanishuv saytlari orqali qidirib topgan. Bir necha uchrashuvdan so‘ng qizlar haqiqatdan ham uning shirindan-shakar so‘zlariga mahliyo bo‘lib, ishq savdosiga mubtalo bo‘lishgan.

Jabrdiyda qizlarning birini aytishiga ko‘ra, Tan uni boshini aylantirib, birga yashashga ko‘ndirgan. Bir qancha vaqt o‘tgandan keyin sevgilisi undan boshqa kishilar hisobiga uncha katta miqdorda bo‘lmagan mablag‘ni o‘tkazishini iltimos qiladi. Avvaliga erkak olgan pullarini hamisha qaytargan. Biroq vaqt o‘tishi bilan katta miqdorda pul olib, qaytarishni xayoliga ham keltirmagan. Shuningdek, tanishlaridan unga qarzga pul olib berishni talab qila boshlagan. Hech narsadan gumon qilmagan soddadil qiz uning talablarini bajargan, chunki bu vaqtga kelib ular farzandli bo‘lishgan edi. Qizning esa unga turmushga chiqishiga aslo shubhasi bo‘lmagan.

Ushbu holat o‘tgan yilning dekabr oyigacha davom etgan. Erkak uyga kelmay qo‘yganidan va uning ikkita avtomobilini o‘g‘irlab ketganidan keyin qiz tovlamachining tuzog‘iga ilinganini anglab yetadi. Biroq endi kech bo‘lgan edi. Chunki bu vaqtga kelib qizning qarzi 160 ming yuan (23 ming dollar)ga yetgan edi.

Shunga qaramasdan qiz polisiyaga murojaat qilmaydi, u o‘zini shaxsiy tekshiruvini o‘tkazishga qaror qiladi. Erkakning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlari qizning shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan ro‘yxatga olingan edi. Shu bois qiz parollarni qayta tiklab, yori, aslida, nima ishlar bilan shug‘ullanib yurganini tushunib yetadi.

Shundan so‘ng qiz bir daqiqani ham zoye ketkazmay, polisiyaga ariza bilan murojaat qiladi. Qizning arizasi asosida ish olib borgan huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari mazkur shaxsning shunga o‘xshash o‘nlab firibgarlikni sodir etganini aniqlashadi.

Ta’kidlanishicha, erkak ikki yil ichida aldov yo‘li bilan o‘zining mahbubalaridan million yuan (148,7 ming dollar) undirishga muvaffaq bo‘lgan.

Joriy yilning mart oyi oxirida erkak qo‘lga olindi va u barcha qilishini tan oldi. Uning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, 2017 yilda ishidan ayrilganidan so‘ng shu yo‘sinda pul ishlab topishga ahd qilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Mahalliy aholi fuqarolarni internet orqali tanishishda hushyor bo‘lishga chaqirdi.

Kiritildi: 15:22 03.04.2019. O'qildi: 9944 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!