Belaruslik yengil atletikachi Timanovskaya Polsha fuqaroligini oldi. Tokiodagi Olimpiada paytida uni milliy terma jamoa rahbariyatini tanqid qilgani tufayli kuch bilan Minskka olib ketishga harakat qilishgan edi.
Kristina Timanovskaya o‘zining Instagram sahifasida Polshada fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat suratini joylashtirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bir oydan ko‘proq vaqt oldin yangi fuqarolikni olgan, biroq buni sir tutgan.
Timanovskaya 2021 yilda Tokio Olimpiadasida Belarus terma jamoasi rahbariyatini tanqid qilgan edi. Mamlakat Olimpiya qo‘mitasi buni sportchining "emosional va psixologik holati" bilan bog‘ladi va uni Yaponiyadan Belarusga majburan olib ketishga harakat qildi. Tokio aeroportida Timanovskaya mahalliy polisiyadan, keyin esa Yevropadan siyosiy boshpana so‘radi.
Polsha Timanovskayaga avvaliga gumanitar viza, endi esa fuqarolikni berdi.