Bola tarbiyasida onaning o‘rni beqiyos. Uning mehri, g‘amxo‘rligi va shafqati bolaning shakllanishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Turli hayotiy holatlar tufayli ona va farzand o‘rtasidagi aloqaning uzilishi esa bola ruhiyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.
Uch nafar farzandning onasi — S.D. oilaviy kelishmovchiliklar sababli turmush o‘rtog‘ining uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Biroq 5 yoshli qiz farzandini o‘zi bilan olib ketish imkoniyati bo‘lmagan. Shu bois u farzandlarini qaytarib olish maqsadida sudga murojaat qilgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumanlararo sudining ijro hujjatiga ko‘ra, bola ona tarbiyasiga olib berilishi belgilangan. Biroq, ayolning sobiq turmush o‘rtog‘i bolani onasiga berishni istamagan. Natijada, Majburiy ijro byurosi Baliqchi tuman bo‘limi tomonidan majburiy ijro harakatlari amalga oshirildi.
Ayolning aytishicha, u turmush o‘rtog‘idan ajrashganiga 6 oydan oshgan va shu davr mobaynida farzandini ko‘ra olmagan.
Albatta, bunday ijro jarayonlari oson kechmaydi — taraflar o‘rtasidagi qarshiliklar, murosasizlik va kelishmovchiliklar bu jarayonni yanada murakkablashtiradi. Ammo davlat ijrochisining kasbiy mahorati va mas’uliyati ortidan sud hujjatining ijrosi to‘liq ta’minlandi. Bola ona quchog‘iga qaytdi.