AQSh prezidenti Jo Bayden Kongress tomonidan ma’qullangan, bir jinsli va irqlararo nikohlarni qonuniylashtiradigan "Nikohni hurmat qilish" to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.
"Bugun ajoyib kun! Amerika nafaqat ayrimlar uchun, balki hamma uchun tenglik, erkinlik va adolat sari katta qadam tashlaydigan kun", dedi Jo Bayden imzolash marosimida.
Qonun loyihasi avvalroq Kongressning har ikki palatasida qonunchilarning katta qismi tomonidan ma’qullangan edi. Unga 61 senator ovoz bergan, Demokratik fraksiyasining barcha a’zolari va 12 respublikachi, 36 senator qarshi chiqishgan.
Qonun loyihasi butun mamlakat bo‘ylab bir jinsli nikohni qonuniylashtirish bo‘yicha milliy talabni belgilamaydi. Hujjat AQShning har qanday shtatini boshqa shtatlarda tuzilgan bir jinsli nikohlarni tan olishga majbur qiladi, garchi bu shtatning o‘zi bunday ittifoqlarni tan olmasa ham.
Hujjat, shuningdek, 1996 yilda qabul qilingan “Nikohni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni ham bekor qiladi, unda nikoh faqat erkak va ayol o‘rtasida tuzilishi keltirib o‘tilgan. O‘sha paytda senator bo‘lgan Jo Bayden unga ovoz bergan. Bir necha yil o‘tgach, shtatlar bir jinsli uyushmalarni, keyin esa nikohni qonuniylashtira boshladilar. 2015 yilda Oliy sud amerikaliklarning bir jinsli nikohga kirish huquqi mamlakat konstitusiyasi bilan himoyalangani haqida qaror chiqardi. Biroq, bu huquq qonunda mustahkamlanmagan va ushbu qonun tashabbuskorlarining fikricha, Oliy sudning ko‘pchilik konservativ a’zolari 2015 yilgi qarorni qayta ko‘rib chiqishi mumkin...