Joriy yilning 29 noyabr kuni Qudratullayev Baxtiyor Zaparovich MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (IIO xodimini qonuniy talabini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topildi va sud hukmi bilan 15 sutkaga qamaldi.
UzNews.uz'ning ma’lum qilishicha,, Qudratullayev Baxtiyor Zaparovich 2023 yil 28 noyabr kuni soat 21:45 atrofida Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Kohinur ko‘chasidagi uyning yo‘lagida va hovlisida bo‘la turib, jamoat joyida IIO xodimlariga nisbatan baqir-chaqir qilib, fuqarolarning tinchligini va jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzib, IIO xodimlarining IIB binosiga borib shaxsiga aniqlik kiritish haqidagi qonuniy talablarini bajarmagan.
Huquqbuzar B.Qudratullayev sud majlisida huquqbuzarlikni tan olmay, hech qanday huquqbuzarlik sodir etmaganligini, uyida bo‘lganida uni uyidan olib ketishganligini bildirib, suddan ishni odilona ko‘rib chiqishni so‘radi.
Sud hukmiga ko‘ra, Qudratullayev Baxtiyor Zaparovich MJtKning 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topildi va unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 3 dekabr kuni "Baxti Tashkentskiy" nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayevga nisbatan JKning 165-moddasi 3-qismi (juda ko‘p miqdorda tovlamachilik) 276-moddasi 2-qismi (ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini saqlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.