Milliy terma jamoa Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida safarda Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi maydonga tushadi.
Xabaringiz bor, terma jamoa 5 iyun kuni JCh 3-saralash bosqichi 9-turi doirasida BAAga safar uyushtiradi. Mazkur bahs O‘zbekiston uchun tarixiy ahamiyatga ega, sababi aynan shu o‘yin natijasi Timur Kapadze shogirdlarini muddatdan avval JCH-2026ga olib chiqishi mumkin.
Ko‘plab o‘zbekistonlik muxlislar termani BAAga qarshi safar uchrashuvda qo‘llab-quvvatlash istagini bildirishmoqda. Hozirgi kunda muxlislar uchun asosiy muammo – chipta xaridi. Chiptalar esa hali sotuvga chiqqani yo‘q. Xo‘sh, Abu-Dabiga boradigan o‘zbekistonlik muxlislarga nechta chipta taqdim etiladi?
"Qabul qiluvchi tashkilotlar (hozirgi holatda BAA futbol assosiasiyasi – tahr.), OFK va tashkilotchi uyushma (BAA futbol assosiasiyasi – tahr.) tomonidan belgilanadigan alohida xavfsiz hududda, har bir ishtirokchi assosiasiyaning muxlislari uchun stadionning sof sotuv sig‘imining kamida sakkiz foizini ta’minlashlari shart. Sotib olinadigan chiptalar soni tegishli o‘yindan kamida o‘n to‘rt kun oldin qabul qiluvchi tashkilotga ma’lum qilinishi lozim. Mehmon jamoa, hatto chiptalar ishlatilmagan taqdirda ham, sotib olingan barcha chiptalar uchun javobgardir", – deyiladi OFK reglamentida.
Shunday ekan, O‘zbekiston milliy terma jamoasini stadiondan turib qo‘llab-quvvatlamoqchi bo‘lgan muxlislarga stadion sig‘imining 8% qismi ajratiladi. Uchrashuv Abu-Dabidagi 15 ming tomoshabinga mo‘ljallangan "Al Nahayyon" stadionida bo‘lib o‘tishini inobatga olsak, vatandoshlarimiz uchun 1200 ta chipta sotuvga chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz, 5 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da boshlanadi.