Bugun 21 may, 2024 yil, seshanba

КИР

Azon nima o‘zi?

Azon nima o‘zi?

Azon bu...

Azon lug‘atda “bildiruv” degan ma’noni anglatadi.

Azon Allohning toatiga, ibodatiga, hidoyatiga, Uning Dargohi oliyasiga bir chorlovdir. Azon Alloh sevgisining tanlarga nidosi, qalblarga tajallisidir. Azon dil va vujuddan shaytonni quvish imkoniyatidir. “Azon” – Allohning sig‘inish va ibodat qilishga sazovor yagona Zot ekanini, Muhammad alayhissalomni butun insoniyatga yuborilgan oxirgi haq payg‘ambarliklarini, dinimizning butun dunyoda mislsiz adolat va hurriyatni joriy qilish dini ekanini bildirishdir.

“Azon” – Qur’on va sunnatni o‘rganib, iymon va kufrni, yaxshi va yomonni, halol va haromni farqlash zarurligini bildirishdir.

Azonning joriy qilinishi

Har namoz vaqti kirganda namozxonlarni xabardor qilish, masjidga ko‘proq jamoat yig‘ilishi uchun nimadir o‘ylab topish kerak edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalarga maslahat soldilar. Shunda sahobalardan biri balandroq joyga bayroq osaylik dedilar. Uxlagan, ko‘rmagan odamga foydasi yo‘qligi uchun ma’qul ko‘rilmadi. Bir sahobiy tepalikka o‘t yoqishni taklif qildilar. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) otashparastlarning ishi deb bunga ham rozi bo‘lmadilar.

Yana ba’zilari qo‘ng‘iroq chalishni, ba’zilari esa bug‘ (karnay) chalishni taklif qilishdi, biroq Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) hech biriga rozi bo‘lmadilar. Chunki nasorolarning ibodat vaqti qo‘ng‘iroq chalish odati bor edi.

Shu payt bir sahobiy "Yo Rasullulloh (sollallohu alayhi vasallam) har namoz vaqti kirganda bir odam turib "Vaqti namoz", "vaqti namoz" deb qichqirsa bo‘lmaydimi?" dedilar. Taklif qabul qilindi. Bu vazifa Madinalik sahoba

Abdulloh ibn Zayd roziyallohu anhuga buyurildi. Azon shu usulda aytila boshlandi. Kunlarning birida Abdulloh ibn Zayd (roziyallohu anhu)ning tushlariga bir kishi kirib: "Qachonki mo‘minlarni namozga chaqirsang, shu so‘zlarni ayt", dedi.

U quyidagi so‘zlar edi:

Alloohu akbar!

Alloohu akbar!

Alloohu akbar!

Alloohu akbar!

Ashhadu allaa ilaaha illallooh!

Ashhadu allaa ilaaha illallooh!

Ashhadu anna Muhammadar-rasuulullooh!

Ashhadu anna Muhammadar-rasuulullooh!

Hayya ’alas-solaah!

Hayya ’alas-solaah!

Hayya ’alal-falaah!

Hayya ’alal-falaah!*

Alloohu akbar!

Alloohu akbar!

Laa ilaaha illallooh.

U kishi uyg‘onib zudlik bilan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) ning huzurlariga borib voqeani bayon qildilar.

Rasululloh ham "Sen haq tush ko‘ribsan, men me’rojga chiqqanimda arshda bir farishta shunday azon aytganini ko‘rdim", dedilar.

So‘ngra "Uni Bilolga o‘rgatgil, u sendan unliroqdir (tovushi baland)", dedilar.

Shundan so‘ng hazrati Bilol (roziyallohu anhu) azon aytish uchun turdilar va butun islom olamiga shu tartibda azon aytish sunnat bo‘lib qoldi.

Azon aytish fazilati

سنة للفرائض والجمعة فقط فى وقتها

Faqatgina farz va juma namozlari uchun o‘z vaqtida azon aytishlik sunnat (ya’ni sunnati muakkada)dir.

Ya’ni farz va juma namozlarida doim azon aytish lozim ekan.

عن مالك بن الحويرث رضى الله عنه ، قال: قال لنا رسول الله صلى الله عليه و سلم: " صلّوا كما رأيتمونى أصلّى ، و اذا حضرت الصلاة ، فليؤذّنْ لكم احدكم ثم لْيؤمَّكم اكبركم ". متفق عليه

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: “Meni namoz o‘qiyotganimda ko‘rib turganlaringdek namoz o‘qinglar. Agar namoz vaqti kirsa birlaringiz azon aytsin va kattalaringiz imom bo‘lsin”.

(فقد امره النبي صلى الله عليه و سلم بالاذان و الامر للايجاب كما هو معلوم)

(ana shu hadisdan Rasululloh alayhissalomning namoz uchun azon va uning ijobini shart qilganliklari ma’lumdir).

Azon aytish tartibi

و يترسل به مستقبلا و اصبعاه فى اذنيه ولا يلحّن ولا يرجّع

Azonni qiblaga yuzlangan va barmoqlarni quloqqa qo‘ygan holda (so‘zlarini) dona-dona qilib aytiladi. Qo‘shiq(dek) qilib va (ovozni) past-baland qilib aytilmaydi.

رسول الله صلى الله عليه و سلم قال: حدثنى ابى عن ابيه عن جده ، أنّ رسول الله صلى الله عليه و سلم أمر بلالاً أنْ يجعل أصبعيه فى أذنيه ، و قال: " إنه أرفعُ لصوتك ". رواه ابن ماجة

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam.) Bilol (roziyallohu anhu)ga (azon aytayotgan vaqtida) barmoqlarini quloqlariga qo‘yishni buyurdilar va: "U ovozingni ko‘taradi", dedilar.

 ويحوّل وجهه فى الحيعلتين يمنة ويسرة وان لم يتم الاعلام يستدير فى المئْذنة *

Ikki “hayya”da yuzini o‘ngga va chapga aylantiradi. Agar e’lom (ya’ni ovozni yetkazish) mukammal bo‘lmasa, azon aytayotgan joyida aylanadi.

عن ابى جحيفة قال : رأيتُ بلالاً يؤذن و يدور و يتبع فاه ههنا و ههنا و إصبعاه فى أذنيه . رواه الترمذى

Abu Juhayfa dedilar: “Men Bilol (roziyallohu anhu)ni azon aytayotganini ko‘rdim, aylanib og‘zini u yoq bu yoqqa qaratardi va barmoqlari esa quloqlarida edi”.

Yakun...

Yuqorida azon aytish to‘g‘risida biroz ma’lumot berishga harakat qildik. Ko‘pchiligimiz bunga unchalik darajada e’tibor bermaymiz. Lekin azonning fazilati juda ko‘p. Qachon azon eshitganimizda qiyomat soati kelganini tasavvur qilib, chin qalbdan his etib Allohdan chin ma’noda qo‘rqsakkina ibodatlarimizda lazzat, ikki dunyomiz farovon bo‘ladi.

Inshaalloh...

Manba: azon.uz

Kiritildi: 06:56 21.10.2018. O'qildi: 13482 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!