Strategik islohotlar agentligi tomonidan O‘zbekistonda rivojlangan davlatlar tajribasi asosida tungi iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha qator takliflar ishlab chiqildi.
Takliflarni ishlab chiqishda beshta davlat (AQSH, Buyuk Britaniya, Tailand, BAA va Avstraliya) tajribalari o‘rganildi.
Jumladan, 2025 yil 1 fevraldan boshlab tungi iqtisodiyot va turizmni rivojlantirishga qaratilgan ishchi guruh tashkil etish;
- tungi iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida har juma va shanba kunlarida dam olish maskanlarni 24/7 rejimida uzluksiz ravishda ishlashini ta’minlash va tunda faoliyat olib boruvchi maskanlarning ish vaqti bilan bog‘liq cheklovlarni bekor qilish;
- Toshkent shahrida turistik salohiyatga ega hududlarni belgilab ushbu hududlarda tungi faoliyat zonalarini tashkil qilish;
- Tungi iqtisodiyot rivojlantirilishi rejalashtirilgan shaharlarning har birida jamoat transportini (avtobus, tramvay, metro) 24 soatlik rejimga o‘tkazish;
- "Tungi Toshkent" elektron platformasini ishlab chiqish hamda ushbu platformada tunda faoliyat olib boradigan maskanlar, tungi jamoat transporti yo‘nalishlari hamda maxsus arzonlashtirilgan takliflar haqida ma’lumot olish imkonini yaratish;
- tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida belgilangan muayyan hududlarni modernizasiya qilish, ko‘chalarda yoritish tizimini kuchaytirish hamda aholi va turistlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda Prezidentning "O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni loyihasi hamda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish va lisenziyalar berish tartibini isloh qilishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Toshkent shahrida tungi iqtisodiyotni rivojlantirish uchun birinchi qadam sifatida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan imkoniyatlar chetda qolib, bir nechta ko‘chalarni gastronomik ko‘chalarga aylantirish chora-tadbirlari bilan cheklanib qolinmoqda, deyiladi agentlik ma’lumotida.
Tunda faoliyat olib boradigan majmualar (kafe, tungi klub, muzey, sport majmualari va boshqalar) haqida mahalliy va xorijiy turistlar ma’lumot olishlari uchun elektron platforma yaratilmagan.
Tungi vaqtlarda poytaxtda transport xizmatiga talab mavjud bo‘lib, bu faqatgina shaxsiy yo‘nalishsiz taksi xizmatlarining faoliyati evaziga qondirilmoqda, biroq tungi rejimda xizmat ko‘rsatuvchi jamoat transporti harakati yo‘lga qo‘yilmagan, avtobuslar harakati 05:00 dan 23:00 gacha, metro harakati esa 05:00 dan 00:00 ga qadar xizmat ko‘rsatishi belgilangan.