Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Avratlarini ochib yurganlar Allohning azobini bilganida edi...

Avratlarini ochib yurganlar Allohning azobini bilganida edi...

Robbimiz Alloh taolo faqatgina yaxshilikni ravo ko‘ruvchidir. Islom dinini – Alloh taolo insonlarni ikki dunyo saodatiga yetishsin, deb taqdim qilgan yaxshiligidir. Kimdir uni qabul qildi, kimdir qabul qilmadi. Qabul qilganlar Allohning bandasiman, dedilar. Qabul qilmaganlar esa o‘zlarini maymunning avlodlari, deb yuribdilar, Allohga banda bo‘lolmadilar. Islomni qabul qilib, Allohning bandasiman, deb yurganimiz bilan, banda qilishi kerak bo‘lgan ishlarni qilmay qo‘yganimiz ham rost. Islomdaman, deymiz, lekin undan uzoqda turib olib. Islomni yaqindan tanimaganmiz, hali ichiga kirib ko‘rmadik. U bilan yashamayapmiz. Shuning uchun ham gunohni gunoh, savobni savob deb bilmay qo‘yishdan ham nariga o‘tib ketdik, gunohni savob, savobni esa hech narsa deb biladigan tomonga. Aslida amallarni savob-gunohga ajratish Alloh taoloning ishi, shariatida belgilab qo‘ygani. Islomdamiz, dedik, shariatni o‘rganmadik, gunoh-savobga, yaxshi-yomonga ajratish o‘zimizga, havoyi nafsimizga qolib ketdi.

Inson o‘ziga nima yaxshi, nima yomon ekanligini qayerdan ham bilar edi.

Bilganida, beva ayol bilan zino qilishni savobli ish sanab, qilar ishni qilib qo‘yib, kamiga bu bilan maqtanib yurarmidi. Uylanishdek Allohga qurbat hosil qilishda yordam beruvchi ishga zino qilib tayyorlanarmidi.

Agar bilsa, pora olib ishini bitirib beruvchilarni hojatbarorlar deb atab, qimorda yutsa, o‘zini baxtlilardan hisoblab, riboxo‘rni esa o‘ziga kengchilik qilib bergan taraf deb bilarmidi.

Bilganida, rostgo‘zni lapashang bilib, yolg‘on bilan ish bitiruvchini uddaburon deb, haromdan qochib ish topolmay yurganni noshud bilib, nima qilib bo‘lsa ham pul topsa bo‘ldiga ishlayveradigan kishini ishbilarmon sanab ko‘klarga ko‘tararmidi.

Agar bilsa, avratlarini ochib olib moda deb, Allohning amri ila yopib yurganlarni yovvoyilar dermidi. Jannatga kirsa, hurlardan afzal bo‘lishini bilganida, roziligi jannatga yetaklaydigan – o‘zi Allohning roziligini ko‘zlab yuruvchi, shuning sababidan Allohning huzurida roziligi e’tiborga olinadigan – erining oldida bir ahvolda yurib, ko‘chaga chiqsa “hurliqo” bo‘lib olarmidi. “Er” degan zot yarim-yalang‘och – yoki yarimdan-da yalang‘och – ayoli bilan do‘stlariga maqtanib, xotini shariat bo‘yicha o‘ranib yursa, do‘stlaridan uyalarmidi.

Bilganida, o‘zini musulmonman, deydigan ota-ona farzandlarini namozdan to‘sarmidi, iymon tamini totib qolgan farzandi ota-onam peshonasi sajda ko‘rmay o‘tib ketmasin, deb ularni namozga, o‘zini ham, ota-onasini ham, butun olamlarni ham ulardan behojat bo‘lgan holida yo‘qdan bor qilgan Zot – Yaratuvchimizning ibodatiga chorlaganida so‘kib-jerkib berarmidi. Ota farzandining namozini – ha, aynan namozini, o‘zini emas – haqorat qilishga tili borib turarmidi (Mana shu holatni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib, o‘z qulog‘im bilan eshitganman va uning aytgan gapi nima edi, shuni kimgadir bildirishim uchun menga dunyo undagi jamiki narsalari bilan berilsa ham aytmas edim).

Agar bilsa, o‘zi gunohni gunoh deb bilmay qilgani yetmaganday qolganlarni ham unga chorlab, ko‘nmasa “mardlik” qilib, gunohi menga, sen qilaver, dermidi. Uka, bir yaxshilik qiling, ana u yerdan sigaret olib kelib bering, degan kishini va xo‘p, deb “yaxshilik”ka shaylangan kishini ko‘rmanmisiz.

Bilganida, ha, Allohning amri faqat va faqat o‘zining foydasiga ekanini, Alloh nafaqat undan, butun olamlardan – ularni O‘zi yaratib qo‘yib – behojat ekanligini haqiqiy ilm ila bilganida edi, dinni murakkab deb yurmas, Alloh uni bandalarini tanglikka solish uchun joriy qilmaganini, Islom – Robbimizning bizlarni ikki dunyo saodatiga eltuvchi, Yaratuvchimizning roziligiga yetishtiruvchi dini ekanligini anglab yetgan bo‘lar edi. Bir parcha go‘shtni yeyman deb, tasmiya aytishni shart qilgan Allohdan malollanib yurmagan bo‘lar edi.

Bularning hammasi aslida nima yaxshi, nima yomon ekanligini bilmaganimizdan. Yaxshi-yomon, savob-gunohni belgilashda shariat tarozisini bir chetga qo‘yib, havofi nafsimiz o‘lchoviga ko‘ra ish tutganimizdan. Musulmonman deb yurib, dinimizni tuzukroq o‘rganmaganimizdan, iymonimizning zaifligidan. Nima bo‘lganda ham bir kun jannatga kiramanku, deb yurib, oliy maqsad jannat emas, Allohning roziligi ekanligini, Alloh shukr keltiruvchi bandalaridan rozi bo‘lishini, haqiqiy shukr esa ne’matlarni ne’mat beruvchi Zotning roziligi yo‘lida ishlatish ekanligini unutib qo‘yganimizdan.

Agar shukr keltirsangiz sizdan rozi bo‘lur” (Zumar surasi, 7-oyat).

Alloh bizlarni O‘zining behisob ne’matlariga ko‘mib qo‘ygan. Hayotda e’tibor berib yursangiz, kimlarningdir Alloh bergan ne’matlardan – Undan o‘zga ne’matlantiruvchi ham yo‘q – Allohning shariatiga ters ravishda foydalanib turib, tili bilan shukr aytayotganini ko‘rasiz. Bu haqiqiy shukr emas. Yana siz ko‘rasizki, kimdir kimgadir gunoh ishda yordam bersa, buning uchun rahmat eshitayotgan bo‘ladi.

Va agar ularga, yer yuzida fasod qilmang, deyilsa, biz faqat isloh qiluvchilarmiz, derlar” (Baqara surasi, 11-oyat). Ya’ni qilayotgan fasodlarini isloh – yaxshilik deb da’vo qiladilar.

Mana shu va bundanda ayanchli holatlarga tushib qolganimiz, afsuski, ayni haqiqat. Bular bizning o‘zimizni musulmon sanab, yaxshilik bilib qilayotgan ishlarimiz. Dinimizni o‘rganishimiz, yaxshi-yomon, savob-gunohning haqiqatini, yaxshilikning mukofotini, yomonlikning jazosini ilm ila bilishimiz, savobdan umidvor bo‘lib, gunohning zararidan xavfda bo‘lib turmog‘imiz kerak. Agar biz Alloh yaxshi degan amallarni qilganimizda edi...

Nima yaxshilik qilsangiz, Alloh uni biladir” (Baqara surasi, 197-oyat).

Va isloh qilingandan keyin yer yuzida fasod qilmang va Undan qo‘rqib tama’ ila duo qiling. Albatta, Allohning rahmati yaxshilik qiluvchilarga yaqindir” (A’rof surasi, 56-oyat).

Biz uchun jiddu jahd qilganlarni O‘z yo‘llarimizga hidoyat eturmiz. Albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilar bilandir” (Ankabut surasi, 69-oyat).

Alloh yaxshilik qiluvchilarni yoqtiradir” (Oli Imron surasi, 134-oyat).

Albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarni sevar” (Moida surasi, 13-oyat).

Albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarning ajrini zoye qilmas” (Tavba surasi, 120-oyat).

Robbimiz, bizlarni o‘zing isloh qilib qo‘ygin!

Oxunjon Oxunov

Manba: islom.uz

Kiritildi: 22:30 16.10.2019. O'qildi: 4319 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!