2018 yilgi jahon chempionati guruh bosqichida sensasiya qayd etilishi mumkin edi. Ammo bunday bo‘lmadi.
Gap shundaki, Argentina terma jamoasi jar yoqasida turgandi. Argentina katta ehtimol bilan mundialni tark etishi mumkin edi. Biroq yakunda vaziyat umuman boshqacha tus oldi. O‘yindan oldin internet nashrlarida asosiy tarkibni tanlashda Sampaoli emas, Messi va Maskerano asosiy figura bo‘lishi aytilgandi. O‘yin davomida esa bu fikr o‘z isbotini topdi.
Sampaoli Islandiya bilan qayd etilgan durangdan keyin tarkibni o‘zgartirgan, ammo salbiy tomonga o‘zgartirgandi. Biroq Nigeriya qarshi o‘yindan oldingi o‘zgarishlar umuman kutilmagan bo‘ldi, boshqacha bo‘ldi. Ehtimol, kimdir ishonar, kimdir ishonmas, ammo bu o‘zgarishlarda Messi alohida o‘rni borligi sezildi. Ayniqsa, darvozabonning almashtirilgani va terma jamoada hali biror marta maydonga tushmagan posbonning muhim o‘yinda asosiy tarkibda maydonga tushirilishi o‘zini oqladi.
Bundan tashqari, Di Mariya va Iguainning asosiy tarkibga qaytgani ham muhim o‘rin tutdi. Eng muhimi, Argentina taktikani o‘zgartirdi, hujumkorroq o‘ynadi. Sharhlovchi Davron Fayziyev aytganidek, bu Lionel Messining taktikasi edi. Bu bilan Argentina termasidagi boshqa futbolchilarning mehnatini ko‘kka sovurishdan yiroqmiz, shunchaki Messi sardorlikni qoyilmaqom darajada uddalaganini aytmoqchimiz, xolos.
Yana bir gap. Yuqoridagi mulohazalardan g‘alaba Sampaolining hissasi yo‘q, degan xulosa kelib chiqmasin. Albatta, har qanday natijada murabbiyning o‘rni bo‘ladi, jumladan bugungi g‘alabada ham Sampaolining hissasi bor. Gap ishtiyoqda, gap ishonchda. Murabbiy uyg‘ota olmagan ishonchni yetakchilar uyg‘otishdi. Endi ana shu ishonch jamoani tark etmasligi kerak.
Oldinda Argentinani Fransiya bilan bo‘ladigan 1/8 finali kutib turibdi. Bu o‘yin haqiqiy spektaklga aylanishi shubhasiz. Biz esa Argentina terma jamoasi va shaxsan Messining muxlislarini g‘alaba bilan tabriklaymiz.