Avvalroq bo‘ron qurbonlari soni 11 kishi ekani xabar qilingan edi.
Associated Press'ning xabar berishicha, halok bo‘lganlar orasida Massachusets va Ogayo shtatlaridan bo‘lgan ikki kishi bor. Ularni qor tozalash mashinalari urib yuborgan. Shuningdek, Arkanzas va Texas shtatlaridagi chana uchayotgan o‘smirlar ham vafot etgan.
Ma’lum qilinishicha, Nyu-Yorkda 38 santimetrgacha, Pittsburg shimolidagi hududlarda esa 50 santimetrgacha qor yoqqan.
Xabar berilishicha, qor bo‘roni Qo‘shma Shtatlarda 200 milliondan ortiq odamga ta’sir ko‘rsatgan. Noqulay ob-havo tufayli milliondan ortiq xonadon elektrsiz qolgan. Yo‘llarda muzlash yuz berdi, bu esa avariyalar sonining oshishiga olib kelgan.
Shuningdek, 20 mingdan ortiq aviaparvozlar bekor qilingan yoki kechiktirilgan.