Bu haqda Xalqaro Jinoiy sudning rasmiy saytidagi e’lon qilingan bayonotda qayd etildi.
Gap Qo‘shma Shtatlarning XJS Apellyasiya palatasining to‘rt sudyasiga qarshi kiritgan sanksiyalari haqida bormoqda. Bu sudyalar Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantga nisbatan chiqarilgan hibsga olish orderlariga qarshi shikoyatlarni ko‘rib chiqmoqda. Sanksiya e’lon qilingan sudyalar Benin, Uganda, Peru va Sloveniya fuqarolari hisoblanadi.
"Adolat uchun kurashayotgan insonlarga qarshi hujumlar mojarolardan aziyat chekayotgan tinch aholiga foyda keltirmaydi. Aksincha, bunday chora-tadbirlar jazosizlikka umid qilayotganlarni rag‘batlantiradi", deyiladi sud bayonotida.
Xalqaro Jinoiy sud Vashingtonning harakatlarini “sud ishlariga bevosita aralashuv” deb atagan va bu holat 125 davlat tomonidan tasdiqlangan xalqaro sud tizimining mustaqilligiga putur yetkazishini bildirgan.
Niderlandiya va Sloveniya ham Qo‘shma Shtatlarning bu harakatlarini tanqid qilgan. Niderlandiya Tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkamp mamlakat sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlamasligi va xalqaro sudlarning mustaqilligini himoya qilishini bildirgan. U shuningdek, Niderlandiya – XJS joylashgan davlat sifatida sud ishini uzluksiz davom ettirishini ta’kidlagan.