Axios jurnalisti Barak Ravidning xabar berishicha, bir nechta AQSh harbiy kemalari Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tgan.
U Amerika rasmiylariga tayanib, bu harakat Eron bilan kelishilmaganini va urush boshlanganidan beri birinchi marta sodir bo‘lganini ta’kidladi.
Biroq Eronning yuqori lavozimli harbiy amaldori davlat televideniyesiga bergan bayonotida ushbu xabarni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Amerika harbiy kemasi Hormuz bo‘g‘oziga yaqinlashganida, darhol Eron nishonlaridan biriga aylangan bo‘lar edi.
Shu bilan birga, Donald Tramp mintaqada minadan tozalash ishlari boshlanganini ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, 8 apreldan beri AQSh va Eron o‘rtasida ikki haftalik sulh amal qilmoqda. Bugun Islomobodda ikki davlat delegasiyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar boshlangan. Agar uchrashuv natijasiz yakunlansa, Tramp harbiy harakatlarni qayta boshlashini bildirgan.