Amerika Qo‘shma Shtatlari Iroqqa 200 million dollar mablag‘ ajratishga va’da berdi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo bilan Iroq tashqi ishlar vaziri Fuad Husaynning Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ma’lum qilingan.
AQSh bilan Iroq o‘rtasida energetika, sog‘liqni saqlash va madaniyat sohalarida munosabatlarni davom ettirish masalasiga to‘xtalgan Fuad Husayn: “AQSh bilan bir qator sohalar bo‘yicha anglashuv memorandumini imzolaymiz. AQSh Iroqning do‘stidir. Bag‘dod va Vashington terrorizmga qarshi kurashishda hamfikr”, - deya ta’kidladi.
U qo‘shni davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik sharti bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini rivojlantirish tarafdori ekanligini ma’lum qildi.
O‘z navbatida Pompeo: “Iroq hukumatini muddatdan avval saylov o‘tkazishini ijobiy baholaymiz. Iroqqa yordam sifatida 200 mln dollar mablag‘ ajratishga va’da berdik. Korrupsiyadan tozalangan yangi Iroqni ko‘rishdan umidvormiz”, - dedi.