Amerika OAVlari Eron bilan urush uchun raketalarni ko‘chirish ortidan Patriot raketa-kesib qoluvchilarining «o‘ta xavfli» darajada tanqisligi haqida ogohlantirdi.
Evropa hududidagi Amerika Patriot raketa-kesib qoluvchilari zaxirasi AQShning Eron bilan urushi fonida «o‘ta xavfli» darajaga tushgan. Bu haqda Associated Press agentligiga Yevropadagi amerikalik mudofaa vakili va NATO vakili maxfiylik sharti bilan ma’lum qilgan.
Amerika amaldorining so‘zlariga ko‘ra, eng jiddiy tanqislik aynan Rossiyaning yuqori tezlikdagi ballistik raketalarini urib tushirishga qodir Patriot raketalarida kuzatilmoqda. NATO vakili ham Yevropa hududidagi Amerika va ittifoqchi kuchlarida bunday raketalar zaxirasi juda kamayganini tasdiqlagan.
Amerika amaldori AQShning Yevropadagi armiyasida uzoq davom etadigan ballistik hujumni qaytarish uchun «aniq yetarli miqdorda» Patriot mavjud emasligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, hatto bitta ballistik raketa zarbasi yoki Rossiya raketasining tasodifan yo‘nalishidan og‘ib ketgan hujumiga qarshi mudofaa imkoniyatlari «juda cheklangan» bo‘ladi.
Zaxiralarning qisqarishi Amerika raketalarining Yevropadan Yaqin Sharqqa ko‘chirilishi bilan bog‘liq. U yerda AQSh va uning ittifoqchilari Eron dronlari va raketalarini qaytarish uchun Patriot jumladan, ko‘plab raketa-kesib qoluvchilardan foydalanmoqda. Bundan tashqari, avvalroq Amerika zaxiralarining bir qismi Ukrainaga berilgan edi.
Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi bahosiga ko‘ra, Eron bilan mojaro davrida AQSh o‘z ixtiyoridagi Patriot raketalarining 65 foizini — 2330 ta raketa orasidan taxminan 1500 tasini sarflagan. Joriy yilda taxminan 600 ta raketa ishlab chiqarish rejalashtirilgan, 2030 yilga borib esa Patriot ishlab chiqarish hajmini yiliga 2000 taga yetkazish maqsad qilingan.
Amerika va Yevropa harbiylari Yevropadagi ATACMS taktik raketa majmualari tanqisligiga ham duch kelmoqda. Biroq u yerda o‘q-dorilar bilan bog‘liq vaziyat havo mudofaa tizimlariga qaraganda yengilroq, chunki ayrim Yevropa davlatlarida Taurus va Storm Shadow kabi o‘zlarining uzoq masofali raketalari mavjud.
Evropada Patriot'ga ehtimoliy muqobil variantlardan biri sifatida Fransiya-Italiya hamkorligida yaratilgan SAMP/T NG havo mudofaa tizimi tilga olinmoqda. Biroq uning yangi versiyasi hali jang sharoitida sinovdan o‘tmagan, amaldagi SAMP/T versiyasining harakat radiusi esa Patriot'nikidan qisqaroq.
Shu bilan birga, NATO raketalarning «o‘ta xavfli» darajada tanqisligi haqidagi da’volarni rad etdi. Alyans vakili polkovnik Martin O'Donnell NATO «zarbalarni qaytarish» imkoniyatiga ega ekani va o‘z mudofaasi hamda Ukrainga yordam berish uchun yetarli miqdorda o‘q-dorilar mavjudligini bildirdi. Pentagon ham o‘q-dorilar tanqisligi haqidagi xabarlarni yolg‘on deb atadi.
Patriot zaxiralari yaqin kelajakda tiklana boshlashi kutilmoqda. Germaniyada sentyabr oyida Yevropadagi birinchi Patriot raketalari ishlab chiqariladigan korxona ochilishi kerak, dastlabki yetkazib berishlar esa kelasi yil boshida boshlanishi mumkin. Shu bilan birga, Amerika amaldorining aytishicha, ayrim davlatlar, jumladan Germaniya qimmatbaho majmualarni allaqachon sotib olgan, ammo ulardan foydalanish uchun hozircha yetarli miqdorda o‘q-dorilarga ega emas.