Cheklovlar Mujtabo Xomanay atrofidagilar bilan bog‘liq kompaniyalar va valyuta ayirboshlash shoxobchalariga nisbatan qo‘llanildi.
AQSh Moliya vazirligi Ormuz bo‘g‘ozida uchta tijorat kemasiga uyushtirilgan hujumlardan keyin keskinlashgan vaziyat fonida Eronga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi.
AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) ma’lum qilishicha, sanksiyalar AQSh tomoni Eron oliy rahbari Mujtabo Xomanay hamda Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bilan aloqador deb hisoblaydigan Ali Ansoriyga nisbatan joriy etilgan.
Shuningdek, Tehron va Sheroz shaharlarida faoliyat yurituvchi bir nechta «yashirin» valyuta ayirboshlash shoxobchalari ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.
Vashington ma’lumotlariga ko‘ra, Eronda ro‘yxatdan o‘tgan Mohammad Darbani and Partners Exchange, Mohsen Khandan and Partners Exchange va Lavasani and Partners Exchange kompaniyalari ham maxsus belgilangan shaxslar va tashkilotlar ro‘yxatiga qo‘shilgan.
Bundan tashqari, sanksiyalar Sent-Kits va Nevis davlatida ro‘yxatdan o‘tgan Smart Global Limited xolding kompaniyasiga ham tatbiq etildi. AQSh Moliya vazirligi ushbu kompaniya Ali Ansoriy bilan bog‘liq ekanini ta’kidlamoqda.