“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari havo yo‘llari orqali tilla va zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga qarshi chora-tadbirlarni muntazam davom ettirmoqda.
Sof.uz’ga Davlat Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tilla va zargarlik buyumlarini antiqa usulda olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs to‘xtatib qolingan.
Bojxona nazoratidan “qizil” yo‘lak orqali o‘tar ekan, fuqaro G.Z. bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilishga urinadi. Ya’ni, yo‘lovchi bojxona deklarasiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilmasdan turib, 207 gr og‘irlikdagi tilla taqinchoqlarni poyafzalining ichki qismiga yashirgancha olib kirmoqchi bo‘ladi. Ammo, uning bu qing‘ir rejasi naf bermadi.
Mazkur zargarlik buyumlarining taxminiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 41 mln 400 ming so‘mni tashkil qilar ekan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Manba: sof.uz