Turkiya Respublikasining poytaxti Anqara rejali shaharsozlik yondashuvi asosida shakllangan muhiti va zamonaviy arxitekturasi bilan yaqinda YUNESKOning Butunjahon merosi taxminiy ro‘yxatiga kiritildi va bu ro‘yxatdagi turk ob’ektlari soni 80 taga yetdi.
Madaniyat va turizm vazirligi YUNESKO bo‘yicha Turkiya milliy komissiyasi bilan hamkorlikda Anqaraning urbanizasiyasini zamonaviy shaharsozlikning jahon miqyosida muvaffaqqiyatli modeli sifatida tan olinishi uchun hujjat tayyorladi. “Anqara: Respublika zamonaviy poytaxtini rejalashtirish va qurish” hujjati Anqaraning 1920-1970 yillarda yangi tashkil etilgan milliy davlat timsoli sifatida qurilgan jamoat binolari, madaniy hududlari va ochiq jamoat joylari 20 asrning zamonaviy poytaxti g‘oyalarini qanday tasvirlanishini namoyon etadi.
Faylning asosiy qismlariga Otaturk bulvarining shimoliy-janubiy qismi va Ulus hamda Qizilay tumanlari kiradi. Turkiya Buyuk Millat Majlisi binolari, Prezidentlik majmuasi, Guven bog‘i, Yoshlar bog‘i, Ulus maydoni, Anqara temir yo‘l vokzali, Ish banki binosi, turli vazirlik binolari va Qizilay maydoni kabi ramziy inshootlar Anqaraning rejalashtirilgan taraqqiyot va modernizasiya jarayonini aks ettiruvchi muhim unsurlar sifatida ko‘rsatildi. Hujjat ilovasi tashkilot madaniy merosining ii, iv va vi mezonlari bo‘yicha YUNESKOning taxminiy ro‘yxatiga kiritilgan.
Madaniyat va turizm vazirligi, xususan, YUNESKO bilan o‘zaro hamkorlik qilib, mamlakat madaniy va tabiiy merosini xalqaro maydonda samarali himoya qilish va o‘tkazishni ta’minlashga intilmoqda.
Xazinalarga boy Anqara!
Anqara 1923 yil 13 oktabrda poytaxt maqomiga ega bo‘ldi va ortidan 29 oktabrda Turkiya Respublikasi tashkil etildi. Usmonli imperiyasining ko‘p asrlik poytaxti Istanbul edi. Anqara esa yangi zamonaviy Turk davlatining markazi va ramziga aylandi.
Asrlar davomida Xettlar, Frigiyaliklar, Rimliklar va Usmonlilar kabi bir nechta sivilizasiyalarga mezbonlik qilgan zamonaviy Turkiya poytaxti qadimiy xarobalardan tortib, bugungi zamonaviy me’morchilik mo‘’jizalarigacha ko‘plab yashirin xazinalarga boydir. YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga Turkiyaning 20 madaniy boyligi sifatida kiritilgan Gordion kabi qadimiy obidalar uning boy o‘tmishini aks ettirsa, Anqaraning zamonaviy inshootlari, ayniqsa respublikaning tiklanish davrida qurilgan binolar mamlakatning siyosiy evolyusiyasi davrini yorituvchi eng maftunkor inshootlardir.
Masalan, Turkiya Respublikasining asoschisi Mustafo Kamol Otaturkning qabri joylashgan Anitkabir shaharning muhim diqqatga sazovor joylaridan biridir. Etnografiya muzeyi, Rasm va haykaltaroshlik muzeyi va 1997 yilda “Evropada yilning eng yaxshi muzeyi” nomini olgan Anadolu sivilizasiyalari muzeyi kabi boshqa muhim maskanlar o‘zlarining ajoyib kolleksiyalari va ramziy binolari bilan hayratda qoldiradi. Boshqa tomondan, Turkiya Buyuk Millat Majlisi binolari, Prezident majmui va ko‘plab vazirlik binolari Respublikaning parlament demokratiyasiga sodiqligini anglatadi.
Ish banki binosi kabi moliyaviy markazlar respublikaning iqtisodiy siyosatini o‘zida mujassam etgan. Tillar, tarix va geografiya fakulteti binolari akademik yuksalishga urg‘u beradi. Shu bilan birga, Davlat opera va baleti hamda Anqara radiosi kabi madaniyat muassasalari san’at va kommunikasiyaga bo‘lgan sadoqatni aks ettiradi. YUNESKO hujjatida taqdim etilgan ko‘plab binolar Anqaraning tarixiy va madaniy merosini global miqyosda yoritadi.