Andijonda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizim mas’ullari va mahalliy farmkompaniyalar vakillari ishtirokida muloqot o‘tkazildi.
Unda kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmasevtika va elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarishni yanada qo‘llab-quvvatlash, korxonalarning eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida belgilab berilgan topshiriq va vazifalar ijrosini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, birgina 2023 yilning o‘zida Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga, viloyatdagi barcha tibbiyot muassasalari uchun dori vositalari va tibbiy mahsulotlar sotib olish uchun 136 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan.
Andijon viloyati hokimi o‘z fikrini
bildirar ekan, "Dorixonalarda mahalliy mahsulotlar sotuvi ko‘paytiriladi, ishlab chiqaruvchilar bilan shartnomalar tuzilib, hamkorlikda faoliyat olib boriladi. Tibbiy buyum va tibbiy texnikalarni ishlab chiqarishni kengaytiramiz hamda importni kamaytiramiz", dedi.
Yig‘ilishda tibbiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar o‘z faoliyatini bank tomonidan moliyalashtirilib, qo‘llab quvvatlansa, import dorilar o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi. Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov yig‘ilishda o‘z fikrini bildirib, korxonalar faoliyatini kengaytirish, import-eksport masalalari bo‘yicha yordamga tayyorligini ta’kidladi.
Muloqot doirasida viloyatdagi har bir tibbiy mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarning muammolari o‘rganilib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ulushini oshirish, farmasevtika mahsulotlarining davlat xaridlarini tashkil etishda ularning taklifini ko‘rib chiqishni takomillashtirish haqida fikr almashildi.
Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati