Bu maqom taom nomi va uni tayyorlash an’analarini huquqiy himoya qilish imkonini beradi.
«Andijon devzira oshi» geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi Intellektual mulk departamenti xabar berdi.
Qayd etishicha, mazkur osh turi asrlar davomida shakllangan oshpazlik an’analari, o‘ziga xos tayyorlash usuli va betakror ta’mi bilan ajralib turadi. Taom asosan Farg‘ona vodiysida yetishtiriladigan mashhur devzira guruchi asosida tayyorlanadi.
Devzira guruchi qizg‘ish tusli, zich va sifatli donalari bilan mashhur bo‘lib, oshga xos ta’m, xushbo‘ylik va dona-dona ko‘rinish bag‘ishlaydi. Shu jihatlari «Andijon devzira oshi»ni mamlakatning boshqa hududlarida tayyorlanadigan osh turlaridan farqlaydi.
Geografik ko‘rsatkich maqomining berilishi mahsulotning o‘ziga xosligini saqlab qolish va uning sifat kafolatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, bu maqom an’anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qilish imkonini yaratadi.