1928 yil 26 iyun kuni Toshkentda ilk elektron televizor namunasi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilib, dunyodagi dastlabki elektron teleko‘rsatuv tayyorlangan edi. Bu jarayon analog teleeshittirishlar davrini boshlab berib, yangi kashfiyot butun dunyoni zabt etdi.
Texnika taraqqiyotiga hamohang tarzda televideniye ham rivojlanib bordi. Eski moslamalar va uzatgichlar o‘rnini yangi – yanada kuchli va mukammal texnika vositalari egalladi. Telekommunikasiyalarning jadal rivojlanishi analog teleeshittirishlarning yanada sifatli – yer usti efiri raqamli teleeshittirishlarga o‘tish imkonini yaratdi. O‘zbekistonda MDH davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib raqamli televideniye joriy etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17 iyuldagi “Raqamli teleeshittirishlarga o‘tish va yer usti analog teleeshittirishlarni to‘xtatishga doir amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘isida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan jadval asosida O‘zbekistonning barcha hududlarida yer usti analog teleeshittirishlarni bosqichma-bosqich to‘xtatish ishlari amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligidan ma’lum qilishlaricha, 15 iyul kuni Toshkentda analog teleeshittirishlar to‘xtatildi, mamlakatimizning barcha hududlarida esa, bu jarayon 2018 yilning 5 dekabrigacha amalga oshiriladi. Shu tariqa, analog teleeshittirishlar vatani o‘zining muhim kashfiyotlaridan biri bilan vidolashdi.
Raqamli teleeshittirishlarga o‘tish qator omillar bilan izohlanadi.
Tasvirni uzatish va qabul qilish jarayonida uni raqamli qayta ishlash, yanada yuqori sifatga erishish imkonini beradi. Yangi formatda to‘siqlarning tasvir tiniqligiga ta’siri sezilarli darajada kamayadi. Raqamli formatning afzalligi – stereotovushlar va tovushlarni 5.1 formatda uzatish imkonining mavjudligidadir. Agar televizorga beshta oddiy va bitta past chastotali kolonka ulansa, uy kinoteatrini yaratish mumkin.
Mamlakatimizdagi barcha aholi punktlarini raqamli teleeshittirishlar bilan qamrab olish maqsadida 90 komplekt yuqori quvvatli va 404 komplekt kam quvvatli uzatgichlar o‘rnatildi. Bundan tashqari, sun’iy yo‘ldosh aloqasi bo‘yicha xorijiy operatorning ma’lum segmentini ijaraga berish hisobidan mahalliy aholining raqamli teleeshittirishlar xizmatidan keng foydalanish imkoni yaratildi. Davlat teleradiodasturlarining umumiste’moldagi ijtimoiy paketini chekka va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlariga yetkazish ishlari amalga oshirildi.
Raqamli televideniyedan bahramand bo‘lish istagida bo‘lgan oddiy tomoshabin televizori DVB-T2 standartida ishlay olishini tekshirib ko‘rishi zarur. Bugungi kunda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan aksariyat zamonaviy televizorlar ushbu standartda ishlaydigan raqamli tyunerga ega. Unga qo‘shimcha ravishda oddiy antenna talab etiladi xolos. Yurtimizda nafaqat raqamli signalni qabul qilishga qodir, ayni damda, Smart-TV va IP-TV texnologiyalarida ishlaydigan eng zamonaviy televizorlar ham ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, iste’molchilar talabini qondirish maqsadida “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan besh yil ichida 3 million dona raqamli televizion priyomniklar ishlab chiqariladi.
Manba: uza.uz