Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Alloh taolo sizni yaxshi ko‘radimi?

Alloh taolo sizni yaxshi ko‘radimi?

Inson o‘z ahvolini nazorat qilib, amallarini sarhisob qilib borishi kerak.

Agar tundagi namozga tura olmasang, kunduzda qilgan gunohlaringni esla!

Agar Alloh taolo seni tungi namozga (tahajjudga) turishga muvaffaq etsa, bilginki, Alloh taolo seni O‘zining huzurida turishingni xohlabdi, yaxshi ko‘ribdi. Allohga qasamki, tahorat qilish uchun yurib borgan qadamlaring sababli U Zot gunohlaringni yuvib yuboradi. (Tahoratdan) keyin namoz o‘qiydigan joyingga yurib kelib, Robbingni huzurida turib, takbir aytib, quloq qoqib, “Albatta, men yuzimni osmonlaru yerni yaratgan Zotga, to‘g‘ri yo‘lga moyil bo‘lgan holimda yuzlantirdim va men mushriklardan emasman” (An’om surasi, 79-oyat).

“Sen: “Albatta, mening namozim, ibodatlarim, hayot va mamotim olamlarning Robbi Alloh uchundir. Uning sherigi yo‘q. Ana shunga buyurilganman. Va men eng avvalgi musulmonman” (An’om surasi, 162-163-oyatlar) deb, (taavvuz va basmaladan keyin) Fotiha surasini, unga qo‘shib biror surani zam qilib o‘qi. Albatta, Alloh taolo O‘zining Kalomini bir bandasidan eshitishni yaxshi ko‘radi. Agar sen zam suraga mana bu oyatlarni o‘qisang, takror takror o‘qiyversang, qandoq yaxshi:

“Va qayta tiriltiriladigan kunda meni sharmanda qilmagin. U kunda na mol manfaat berar va na bolalar. Magar kim Alloh huzuriga toza qalb ila kelar, (o‘sha manfaat topar)” (87-89-oyatlar).

Ushbu oyatlarni qayta-qayta o‘qiyver. Sababi bu oyatlar qotib qolgan qalblarni uyg‘otib, harakatga keltiradi. Chunki inson Qiyomat kuni sharmanda bo‘lishdan qo‘rqadi. Ushbu oyatdagi duo millatning otasi, Alloh taoloning Xalili – Ibrohim alayhissalomning duolaridir.

Agar sen mazkur oyatni o‘qisang, barcha ish Allohning qo‘lida ekanini his qilasan. Ha, U Zot istasa, sening maqomingni ko‘taradi, istasa, pasaytiradi. Istasa, seni O‘ziga yaqinlashtiradi, istasa, seni O‘zidan uzoqlashtiradi. Istasa, senga rahm qiladi, istasa, seni xor qiladi. Hech kim o‘zi uchun foyda keltirishga ham, ziyon yetkazishga ham molik, ega emas. Chunki barcha ishlar Uning qo‘lidadir. Namozda Payg‘ambarlar alayhimussalomning duolaridan o‘qish Qur’onni teran anglaganlik belgisidir. Zero, Alloh taolo O‘zining buyuk Kitobida shunday marhamat qilgan:

“Ana o‘shalar Alloh hidoyat qilgan zotlardir. Bas, ularning hidoyatiga ergash. “Men sizlardan buning uchun haq so‘ramayman. U olamlar uchun eslatmadan iborat, xolos”, deb ayt” (An’om surasi, 90-oyat).

Inson Payg‘ambarlarning hayotlariga, ular Robbilariga qanday duo qilishganiga, yurgan yo‘llariga, qilgan ishlariga nazar solsa, ularga ergashishga urinadi. Ana shunda Alloh taolo u bandasini marhamatiga oladi deb umid qilinadi. 

Shayx Solih Mag‘omisiy hafizahullohning mav’izalaridan

Kiritildi: 05:10 14.09.2019. O'qildi: 4300 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!