Bugun 28 noyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Alimentni xam endi MIB undirsinmi?

A A A
Alimentni xam endi MIB undirsinmi?

Aliment – g‘araz manfaatlarni himoya qilish quroli emas. Shu kunlarda “Ozodlik” radiosining “Odnoklasniki” ijtimoiy tarmog‘ida Toshkent tumanida yashovchi bir ayolning eri aliment to‘lamayotgani va bunga MIB tomonidan yetarli chora ko‘rilmayotgani haqidagi fikrini o‘qib, o‘zimni ko‘pdan buyon o‘ylantirib kelayotgan ayrim mushohadalarni bayon etishni lozim topdim.

Mayli, ayolning ikki farzandi bilan ota uyida og‘ir ahvolda qolgani, mas’uliyatsiz er esa o‘z majburiyatlarini sidqildan bajarmay kelayotgani, MIBning Toshkent tumani xodimlari shikoyat tushgach, darhol yeng shimarib, muammoni hal qilayotgani bir masala.

Ammo meni boshqa narsa qalbimga g‘ashlik soladi. Yaxshi xabaringiz bor, yurtimizda yil sayin ajralishlar soni tobora ortib bormoqda. Ko‘rilayotgan hech bir chora bu “nohush to‘lqin”ni kamaytirish u yoqda tursin, amaldagi ko‘rsatkichlarda barqaror saqlab qolishning ham uddasidan chiqamayapti. Har yili 31 mingdan oshayotgan ajrimlarning aksariyati keyinchalik aliment masalasida murojaatlar qilmoqda.

So‘nggi yillarda majburiy ijro byurosi qator to‘lovlarni o‘ndirishdan tashqari, aliment masalasi ham ularning zimmasiga tushdi. Ammo barcha to‘lovlardan farqli ravishda bunday undiruvlarning o‘ziga xos jihati borki, unda ba’zan inspektorlar shaxsiy munosabatlarni o‘z foydasiga oydinlashtirishga qaror qilgan er va xotinning istaklari kesishuviga uchramoqda.

Misol uchun, Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasida 30462 ta aliment to‘lovchilar bor. Ularning 70 foizi aliment qarzlarini har oyda og‘ishmay-chalg‘imay to‘lab borayotgan bo‘lsa, 30 foizi o‘z vaqtida to‘lamasdan, bo‘yin tovlab yuribdi. 383 nafari esa qidiruvda. 2018 yilning 7 oyida 2 milliard so‘mga yaqin mablag‘lar undirilgan.

Eng yomoni, aliment so‘rayotganlarning 90 foizi sud qarori bilan hali ajrashmagan, ammo birgalikda yashamaydi ham. Oilani yarashtirish jarayonlari ketayotgan shunday murakkab vaziyatda aliment talab qilayotgan ayol go‘yoki uning “talabi” erning popugini pasaytirib qo‘yish uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘iday yangraydi. Ba’zida g‘ururli va oilani saqlash niyati yurgan erkakning eshigini e yo‘q, be yo‘q MIB xodimi taqqillatib kelib, aliment to‘lab qo‘yishini talab qilsa, pishib turgan osh ham buzilmoqda. MIB ijrochisining noung‘ay holga solayotgani ham shunda, bilib-bilmay o‘z majburiyati bajarishga kelib, yarashish niyatida yurgan erning ezgu niyati va shashtidan qaytarib qo‘yayotgan holatlar ham yo‘q emas.

Boz ustiga o‘zgartirilgan qonunchilikka ko‘ra endilikda alimentni sababsiz ikki oy to‘lamagan har qanday mardumni 15 kun qamoq jazosi kutadi. Bu holat yana takrorlansa, olti oy temir qafasda o‘tiradi. Hozirgacha Toshkent viloyatida o‘tgan bir yarim oy ichida 5 nafar fuqaro 15 sutkalik muddatni o‘tab chiqdi. Xo‘sh, keyin-chi?

“Ammo sobiq turmush o‘rtog‘im aliment to‘lamay kelmoqda. Holbuki, moddiy imkoniyati yaxshi, tagida mashinasi bor. Qarzdorligi falon so‘mga yetsa-da, yozmagan joyim qolmadi, lekin natija yo‘q” kabi iddaolar bilan murod hosil bo‘larmikan?

Ochig‘ini aytish kerak, bitta farzand tug‘ib olib o‘z ko‘ngilxushi uchun yashaydigan qizlarni ham ko‘p ko‘rayapmiz. Yoki ajrashgan turmush o‘rtog‘i yangidan turmush qurib ketsa, bunga chiday olmay, qanday bo‘lmasin undan uch olish niyatida yurgan “sobiq rafiqa”larni ham oz bo‘lsa-da uchratayapmiz. Aliment to‘lamaslik uchun ham farzandlarni teng bo‘lib olayotgan va tirik yetimlarni ota yoki onasidan ajratgani yetmaganidek, aka yoki ukasidan ham ayrilishiga sabab bo‘layotganlar ham afsuski uchramoqda.

Eng qizig‘i, birgina Toshkent viloyatida yuzdan ortiq ayollar sobiq eriga aliment to‘layotgani ham oydinlashdi. Demak, bolalar otasi qo‘lida qolgan, bunday ayollarning aksariyati xorijga ishlash uchun chiqib ketgan. Pulni vaqtida ololmayotgan er yozg‘irib, ijrochiga ikki enlik shikoyat qilsa, “majburiyatidan qochgan” ojizani 15 sutka qamab qo‘yishlari ham ayrimlar uchun muddao bo‘lmoqda.

– Murojatchi Kamola Rahmatovaning Bosh prokuraturaga yozgan arizasi yuzasidan MIBning Toshkent tumani bo‘limi tezkorlik bilan ijro ishini yuritdi, – deydi MIB Toshkent viloyat boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘’basi inspektori Gulshoda Qurbonova. – 2014 yil 25 martdagi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan, 2 nafar farzandiga nisbatan barcha turdagi daromadlaridan uchdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilagan. Natijada Rustamjon Rahmatovning alimentdan qarzdorligi o‘tgan davr mobaynida 7,2 milliondan oshiqroq ekanligi aniqlandi. Ammo u vaqti-vaqti bilan muayyan summani to‘lab yurgan, imkoni bo‘lmagan qismi esa 19 oy davomida yig‘ilib borgan. Majburiy ijro harakatlari davrida qarzdordan ijtimoiy sharoitidan kelib chiqqan holda mablag‘lar undirib berilmoqda. Qarzdorning mulkiy ahvoli o‘rganilganda uning birinchi ehtiyojdan tashqari bo‘lgan mol-mulklari mavjud emasligi aniqlandi. Shu sababli MIBning Toshkent tumani bo‘limi qarzdorga bir nechta ish joylarini taklif qilmoqda. Ochig‘ini aytish kerak, ijrochilar undirishga borganida o‘z kunini ko‘ra olmayotgan va murakkab sharoitda yashayotgan kishidan aliment undirishi qiyin kechadi. Uni qamab qo‘yish bilan esa muammo hal bo‘lmaydi. Shu sababli ularni birinchi galda ishga joylashtirishga ko‘maklashilayapti. Natijada hozir Rustam Rahmatovga hamkor tashkilotlar bilan birgalikda uchta ish joylari taklif etilmoqda. Uni tanlash huquqi qarzdorning o‘z ixtiyorida va to‘g‘ri qarorga kelishiga ishonamiz. O‘tgan davrda Toshkent viloyati MIB tomonidan 1176 nafar aliment qarzdorlarining bandligi ta’minlandi. Bu orqali uning moddiy sharoiti yaxshilanibgina qolmay, turli kelishmovchilikka ko‘ra buzilgan oilaning farzandlari ta’minoti yo‘lga qo‘yiladi. Ba’zan muqim ish o‘rniga ega va sog‘lom hayotga qaytayotgan er tufayli ayriliqdagi oilalar yarashib ketayotganiga ham guvoh bo‘layapmiz.

Darhaqiqat, oila atalmish qo‘rg‘on sabr-qanoat, bir-birini tushunish va o‘zaro mehr-oqibat hislari bilan mustahkam. Er-xotinning urushi doka ro‘molning qurishi. Ba’zan bo‘lib turadigan oilaviy ko‘ngilsizliklar chuqurlashib ketmasligi uchun oqilona yondashuvlar kerak. Aliment puli avvalo bola haqqi. Hayoti buzilgan, ammo yangi hayot boshlagan tomonlar bunda o‘zaro kelishib olishi va bir-biriga ziyon-zahmat yetkazmasdan umumiy farzandlari istiqboli uchun birgalikda harakat qilishi juda muhimdir. Chunki aliment undirish esa oqibat bilan kurashish, biroq aslo tugal yechim emas. Toki ajrashgan ayol bolasini otasiga qarshi qayrasa, undan mudom o‘ch olish kayfiyati bilan yashasa, ertaga zurriyod qalbida bir umr nafrat va g‘azab hissi ulg‘ayadi. Keyin esa otasini pichoqlab o‘ldirayotgan, onasiga qo‘l ko‘tarayotgan, singlisini kaltaklayotgan, qaynonasini uydan haydayotgan, qaynatasini ikki pulga olmaydigan yoshlar qayerdan ko‘payapti deb savol qo‘yib yurmaylik…

Aslida eng afzali, oila mustahkamligini saqlash, ayol jufti halolini, erkak esa bir yostiqqa bosh qo‘ygan yorini asrashidir. Davlat tomonidan alimentni qat’iylik bilan va o‘z vaqtida to‘latish mexanizmining joriy etilishi yaxshidir. Shu bilan birga bundan oilaviy munosabatlarda tomonlar o‘z g‘araz yoki bir yoqlama manfaatlarini himoya qilishda qurol sifatida foydalanishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

 

Laziz Rahmatov,

jurnalist

Manba: asr.uz

Kiritildi: 23:21 25.08.2018. O'qildi: 3671 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik