Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi Yangiobod mahallasida yashovchi Husan Haydarov o‘z tomorqasida 9 bosh Afrika tuyaqushini parvarishlamoqda.
Tuyaqushning tuxumi va go‘shti turli xastaliklarni davolashda keng qo‘llaniladi. Jumladan, yurak-qon tomir kasalliklari, qon bosimi va qandli diabetni davolashda uning go‘shti juda foydali hisoblanadi. Patidan esa ayollar uchun sharf va boshqa kiyim-kechaklar tayyorlanadi. Terisidan barcha turdagi charm mahsulotlari tayyorlashda qo‘llaniladi. Javohir va olmosni tozalashda uning yakkayu yagona tirnog‘idan tayyorlangan kukun bebaho sanaladi. Tuyaqushlar mart oyidan noyabr oyigacha tuxum beradi. Bitta tuyaqush mavsum davomida 80 tadan 110 tagacha tuxum qo‘yadi. Polaponi 45 kunda tuxumdan chiqadi. Kasalliklarga chidamli parranda faqat 6 oygacha alohida e’tibor bilan parvarishlanishi lozim. Shu muddatdan so‘ng uncha-muncha kasallikka chalinmaydi. To tuxumga kirish arafasigacha uning jinsini ajratib bo‘lmaydi. Afrika tuyaqushining urg‘ochisi oq-kulrang tusda, erkagi esa oq-qora rangda bo‘ladi.