Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Adliya organlarida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan nol darajadagi toqatsizlik e’lon qilingan

Adliya organlarida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan nol darajadagi toqatsizlik e’lon qilingan

Adliya vazirligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda vazir shu fikrni qayd etar ekan, aholidan noqonuniy pul undirilishiga, noqonuniy buzish ishlariga chek qo‘yilishini ham ma’lum qildi.

Adliya tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish keskin kuchaytirilgan. Ya’ni adliya organlarida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan nol darajadagi toqatsizlik e’lon qilinib, bu borada idoraviy dastur qabul qilingan edi.

Ammo aholidan tamagirlik bilan pul undirishga o‘rganib qolgan ayrim notariuslar vazirlik rahbariyatining bunday qat’iy talabiga toqat qilolmayapti. Oshkora poraxo‘rlikning oqibati voy bo‘lishini bilgan ba’zi ustomonlar endi kassaga to‘lanadigan pulni oshirib ko‘rsatib, shu yo‘l bilan manfaatdor bo‘lish yo‘lini o‘ylab topishdi.

Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumani davlat notariusi fuqaroning sotib olgan Damas rusumli avtomashinasini rasmiylashtirib berish uchun undan 1 million 72 ming so‘m undirgan. Lekin fuqaroga buni tasdiqlovchi hech qanday hujjat taqdim etmagan. Eng yomoni, shu birgina holatda notarius fuqarodan 353 ming so‘m ortiqcha pul undirgan.

Ushbu holat sodir bo‘lganda keyin ushbu notarius faoliyati kuzatuvga olingan. Afsuski, yuqoridagi manzara muntazam takrorlanayotgani o‘z isbotini topgan. Biroq, notarius qilmishlarini tan olmay, yuqori tashkilotlarga o‘z manfaatiga qaratilgan murojaat uyushtirish bilan shug‘ullangan.

Bu noxush holat Adliya vazirligining chorak yakunlari tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilishida tilga olindi.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov aynan shu holatni ko‘zbo‘yamachilikning eng yuqori cho‘qqisi, bu , deb baholadi. Bunga, albatta, qonuniy baho beriladi. Notariat sohasini tartibga solish bo‘yicha boshlagan ishlarimiz oxirigacha yetkaziladi. Aholini qiynaydigan birorta nopok xodim qolmaydi. Bu sohani tubdan isloh qilish, shaffof tizim yaratish uchun 1,5 million dollar sarflash ko‘zda tutilgan. Eng so‘nggi zamonaviy texnikalar notaril idoralarga o‘rnatiladi. To‘liq elektron navbat joriy etiladi. Notarial harakat bo‘yicha fuqaroning telefon raqamiga xabar yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Aholidan xizmat haqi uchun pul qabul qilish faqat terminallar orqali amalga oshiriladi. Bu biror notarius tanish-bilishini navbatsiz qabul qilolmaydi, fuqarodan bir so‘m pul ortiqcha undira olmaydi, degani. Biz xalq tomonidamiz va bu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaymiz , - dedi vazir.

Yig‘ilishda shu kabi kamchiliklar tahlil etilishi bilan bir qatorda bajarilishi zarur vazifalarga ham e’tibor qaratildi. Joylarda Prezident qarorlari va qabul qilingan qonun hujjatlarining bajarilishi holatini tanqidiy o‘rganib va puxta tahlil qilib boriladi.

Uy joy amnistiyasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar oxiriga yetkaziladi, bu borada hokimliklarning mas’uliyatini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar olib boriladi.

Turar joylarning noqonuniy buzilish holatlarining oldini olish bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi, shuningdek, davlat dasturlari doirasida muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha manzilli targ‘ibot ishlari yana kuchaytiriladi.

Ijtimoiy soha xodimlari, ayniqsa yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida olib borilayotgan ishlar davom ettiriladi. Davlat xizmatlari sohasida fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va turlari yanada oshiriladi.

O‘zA

Kiritildi: 13:27 21.04.2019. O'qildi: 1220 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!