Qrim ko‘prigidagi portlash ishi doirasida umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan sakkiz nafar sudlanuvchi AQSH, Rossiya va Ukraina prezidentlari hamda xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga murojaat qildi, deb yozmoqda “Meduza”.
Mahkumlar teraktni tashkillashtirishga hech qanday aloqasi yo‘qligini va ulardan foydalanilganini ta’kidlamoqda. Ular davlat rahbarlarini afv etish, amnistiya yoki siyosiy mahbuslarni almashish ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha siyosiy qarorlar qabul qilishga chaqirdi. Jinoiy ish ishtirokchilarining murojaatini “Siyosiy mahbuslarni qo‘llab-quvvatlash. Memorial” tashkiloti e’lon qildi.
"Biz oddiy sakkiz kishimiz. Haydovchi, logist, tadbirkorlar. Har kuni ertalab non topish, ijara haqini to‘lash, bolalarni bag‘riga bosish uchun uyg‘onadiganlar. Endi esa biz “terrorchilarmiz”. Umrbod qamoq jazosiga, Rossiya koloniyalarining beton qafaslarida sekin va xo‘rlovchi o‘lim jazosiga hukm qilindik.
Biz hammamiz oddiy yuk - qurilish polietilen plyonkasi logistikasiga aloqador edik. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, o‘ramlar ichiga portlovchi qurilma niqoblangan. Bizning daxldorlik darajamiz yukni o‘tkazib yuborgan bojxonachilar bilan va portlashda halok bo‘lgan haydovchilar bilan bir xil. Biz kundalik yumushlar bilan shug‘ullanardik: kimdir yuk ortadi, kimdir mashina haydaydi, kimdir omborni boshqaradi. Lekin bu terrorizm emas! Hech qaysimiz portlovchi moddadan boxabar bo‘lmaganmiz. Uyushgan jinoiy guruhga hech kim jalb qilinmagan. Hech birimiz Ukraina maxsus xizmatlarining agenti emas va Ukraina Xavfsizlik xizmati rejalaridan xabardor emasdik!", deyiladi murojaatda.
2022 yil 8 oktyabrda Rossiyani anneksiya qilingan Qrim bilan bog‘laydigan Kerch bo‘g‘ozi ustidagi ko‘prikda portlash yuz bergandi. Buning oqibatida ko‘prikning ikki seksiyasi suvga qulab, temir yo‘l qismida yuk poyezdining yonilg‘i sisternalari yonib ketdi, ko‘prik bo‘ylab transport harakati to‘xtatilgan.
Portlash natijasida 5 kishi, jumladan, yuk mashinasi haydovchisi va uning yonida bo‘lgan avtomobildagi 4 kishi halok bo‘lgan. Rossiya hududi va harbiy kuchlarini ta’minlaydigan muhim transport arteriyasi shikastlangandi.