Shavkat Mirziyoyevga "2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida"gi qonun ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari bo‘yicha ma’lumot berildi.
Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qonun 17 ta modda va 10 ta ilovadan iborat bo‘lib, unda mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun asosiy ko‘rsatkichlar aniq belgilab berilgan.
Jumladan, 2025 yilda YAIM 6% ga o‘sishi kutilmoqda, byudjet daromadlari 431 trln so‘m, xarajatlari esa 480,5 trln so‘m etib belgilangan.
Shu bilan birga, xarajatlarning 52%i ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya kabi sohalarga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.