Fitr sadaqasi hadisga binoan to‘rt narsadan chiqariladi. Ular bug‘doydan yarim so’, arpadan bir so’, mayizdan yarim so’ va xurmodan bir so’dir. Bir so’ taqriban 4 kilogrammdir.
Shunga ko‘ra, bu yilgi FITR sadaqasining miqdori Toshkent shahar bozorlaridagi narxga ko‘ra:
2 kg bug‘doydan 8000 so‘m;
4 kg arpadan 12000 so‘m;
2 Kg mayizdan 70000 so‘m;
4 Kg xurmodan 120000 so‘m.
Har kim o‘z imkoniyatiga qarab ushbu to‘rt mahsulotning xohlagan bir turidan fitr sadaqasini bersa kifoya.
Bu yilgi FIDYa miqdori bir miskinning bir kunlik oziq-ovqati barobarida bo‘lib, uning o‘rtacha qiymati 20 000 (yigirma ming) so‘m, deb belgilansin.
Ma’lumot uchun: Fitr sadaqasi arab tilida “sadaqa” sababiga izofa qilinib “Sadaqat ul-fitr” deb nomlanadi. Ya’ni fitr (hayit) kuning tongi ushbu sadaqani vojib bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shunga ko‘ra fitr kuni tong vaqtda tug‘ilgan bolaga ham fitr sadaqasi vojib bo‘ladi. Tongdan keyin tug‘ilgan bolaga esa vojib bo‘lmaydi. Tong vaqti vafot bo‘lgan kishidan fitr sadaqasi soqit bo‘ladi, tongdan keyin vafot qilgan kishidan fitr sadaqasi soqit bo‘lmaydi.
Fitr sadaqasi ramazon ro‘zasini xato va kamchiliklardan poklaydi.
Lekin biror uzr bilan ro‘za tutolmagan kishilar ham, ro‘za tutish vojib bo‘lmagan yosh bolalarga ham fitr sadaqasini berish vojib bo‘ladi.
Fitr sadaqasini hayit kuni tong vaqtida berish vojib bo‘ladi. Ammo, ramazonning avvalida, oldindan bersa ham joiz. Hayit namozidan keyinga qoldirmaslik kerak.